Toshkent IIBB ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumanida ichki ishlar xodimi yo‘l-transport hodisasi sodir etgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

24 avgust kuni taxminan soat 01.10 da Yunusota ko‘chasida Cobalt haydovchisi 31 yoshli Toxirxo‘ja A. piyodalarning tartibga solinmagan o‘tish joyidan onasi bilan o‘tayotgan yosh bolani urib yuborgan. YTH oqibatida 2 yoshli T.Ch. badan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazildi.

YTHning taxminiy sababi: tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra haydovchi spirtli ichimlik ta’siri ostida bo‘lgan va piyodalarni ko‘rmay qolgan, deya qayd etdi IIBB.

Xabarda keltirilishicha, Toxirxo‘ja A. Toshkent shahar IIBB sobiq xodimi, shahodatlash komissiyasidan o‘tmagach, rahbariyatning buyrug‘i asosida joriy yilning 20 avgust kuni ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan.

Mazkur fakt asosida Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266 moddasi 1 qismi («Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish») bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.