O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan UzAuto Motorsda «Raqobat to‘g‘risida"gi qonun talablari buzilishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ishning davomi bugun ko‘rib chiqildi, deya xabar qildi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘zining Telegram-kanalida.

Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini assossiz oshirganini tasdiqladi. Unga ko‘ra avtomobillar narxlari 3mln. so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirilgani aniqlandi.

Shunga ko‘ra komissiya UzAuto Motors kompaniyasiga bugundan boshlab narxlarni asossiz oshirilgan qismini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berildi.

Deputatning qo‘shimcha qilishicha, komissiya qarori majburiy kuchga ega. Lekin kompaniya komissiya qaroridan norozi bo‘lsa, sudga berishi va jarayon hali davom etishi ham mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors faoliyatining «Raqobat to‘g‘risida» gi qonun talablariga muvofiqligi, ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun narxlarni shakllantirish o‘rganishni boshlagani xabar qilingan edi.