O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev taqdimot davomida Bo‘stonliq tumanida yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan loyihalar majmuasi bilan tanishib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini berdi.

«Bildirsoy-Chimyon-Nanay» xalqaro kurortini tashkil etish loyihasi ulardan biri. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga ishlab chiqilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 480 mln dollar. Shundan 280 million dollarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar tashkil etadi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad hududdagi yer maydonlarining qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishdir.

Loyiha 3 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda Chimyon hududida umummavsumiy kurort tashkil etish ko‘zda tutilgan. Fransiyaning 48 mln yevro miqdoridagi imtiyozli krediti evaziga turistik infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, osma yo‘laklar, chang‘i uchish uskunalari va attraksionlar keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida tog‘-chang‘i turizmi ommalashadi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi, tabdirkorlik rivojlanadi. Loyihaning birinchi bosqichini 2021 yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Loyihalarda ko‘zda tutilayotgan eng muhim vazifa bu davlat-xususiy sheriklik asosida uddaburon tadbirkorlarga keng yo‘l berishdir. Shuningdek, sayyohlik hududida echkichilik, tuyachilik, asalarichilik kengaytirilib, sayyohlarga qo‘shimcha xizmatlar taklif etiladi. Hududda yoshlar uchun alohida maydonlar ajratilib, turizmni rivojlantirishda ularning imkoniyatlarini ham to‘liq ro‘yobga chiqarish muhimligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Fransiyaning Orex Loisirs, Compagnie des Alpes, Geode, Egis, Epode, Patriarch kompaniyalari tomonidan tashkil etilgan konsorsium va Toshkent viloyati hokimligi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Hamkorlik doirasida konsorsium ekspertlari Chorvoq suv omborida qishki va yozgi sport inshootlari, akvaparklar, ekoturizm yoki alpinizmni rivojlantirish uchun dam olish markazlarini aniqlashi kerak edi.

Konsorsiumning ko‘plab ishtirokchi kompaniyalari Fransiyadagi qadimgi Shamoni kurort-shahri, baland osma yo‘lli tog‘-chang‘i trassasi hamda Ansi ko‘li qirg‘og‘ini obodonlantirish bilan shug‘ullangan.

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda Bo‘stonliq tumanida bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani xabar qilindi. Xususan, 80 ga yaqin davlat ob’ektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratiladi. «Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi», — deyiladi xabarda.

Bo‘stonliq tumanida soliq solish ob’ektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida «orom.uz» mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700 dan ortiq ijarachilar ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, qo‘shimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bular natijasida soliq tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.

Bo‘stonliq tumanida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ta’mirlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari o‘rnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘lakchalari qurildi.

Prezident yo‘llarni puxta o‘ylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va ta’mirlash zarurligini ta’kidladi.

Sayyohlar oqimining ko‘payishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida kuniga o‘rtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli ko‘pincha yig‘ishtirilmay, tabiat qo‘ynida tashlab ketiladi.

Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yig‘ish punktlari va tashuvchi texnikalarni ko‘paytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10 ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tumanda elektr ta’minotini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini ta’mirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik ob’ektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tog‘ yonbag‘irlarida, o‘rmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali ko‘chma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.

Davlat rahbari hududni to‘liq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga (hozirda ushbu lavozimda Aziz Abduhakimov faoliyat ko‘rsatmoqda) parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Bo‘stonliq tumaniga rahbarlik vazifasini бажарishни yuklatish taklifini bildirdi.

Taqdimotda keyingi ikki yilda sayyohlik o‘rinlari va xizmat turlarini ko‘paytirish natijasida hududning turizm salohiyatini 2 barobar ortishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.