Respublika maxsus komissiyasi 15 avgustdan boshlab Toshkent metropolitenining ishga tushirilishiga ruxsat berdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi «Gazeta.uz» ga ma’lum qildi.

Soat 6:00 dan e’tiboran, Toshkent metropolitenining «O‘zbekiston», «Chilonzor» va «Yunusobod» liniyalari doimiy ish rejimida faoliyat yuritishni boshlaydi.

Metro vagonlari doimiy ravishda qatnovga chiqishdan oldin va har bir qatnovni yakunlagandan so‘ng to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi.

Kasallik tarqalishinining oldini olish va yo‘lovchilar sog‘lig‘ini saqlash maqsadida metroda ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqish qat’iy nazorat qilinadi.

Metro stansiyalariga kiraverishda yo‘lovchilarning niqob taqqanligi tekshiriladi. Niqobsiz yo‘lovchilar metroga kiritilmaydi va jarimaga tortiladi.

15 avgustdan boshlab niqob taqmagan fuqarolarga nafaqat metrodan, balki jamoat transportining boshqa turlaridan foydalanish, shuningdek bino va muassasalarda kirish ham taqiqlanadi.

Maxsus komissiya fuqarolardan niqob taqish koronavirus yangi to‘lqinining oldini olish uchun zarurligini tushunishlarini so‘raydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent metropoliteni faoliyati mart oyida mamlakatda karantin e’lon qilingani munosabati bilan vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan edi.