O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantin markazlarida saqlash muddatini 7 kungacha qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqdagi tegishli Respublika maxsus komissiyasining qarori 12 avgust kuni e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini inobatga olib, shuningdek, mamlakatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinga olishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etildi:

  • xorijiy davlatlardan kirib kelayotgan shaxslarni karantinda saqlash muddati 14 kun etib belgilanadi;
  • karantin muddatini shaxsning xohishiga ko‘ra karantin markazlarida yoki mehmonxonalarda o‘tkazish tartibi saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, karantin muddati shaxsning davolash profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishga roziligiga ko‘ra, karantinda saqlash muddati vrachlar kuzatuvi ostida davolash-profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirgan (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan dori vositalarini qabul qilgan) holda 7 kun etib belgilanadi (bunda 7 kunlik karantindan so‘ng test natijasi manfiy bo‘lganda shaxs karantin markazidan chiqariladi).

«Qizil», «sariq» va «yashil» reyslar

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy davlatlardan fuqarolarni kirishi bo‘yicha toifaga ajratilgan davlatlar ro‘yxati tasdiqlandi hamda ushbu ro‘yxat har haftada yangilab borilishi belgilandi.

Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan «yashil reyslar» ro‘yxatiga kiruvchi Xitoy, Tayland, Malayziya, Janubiy Koreya, Gruziya, Vengriya, Latviya, Yaponiyadan O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan bo‘lsa, ular karantin nazoratiga olinmaydi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan «sariq» reyslar etib hisoblangan Yevropa Ittifoqi davlatlari (Buyuk Britaniya va Ispaniya bundan mustasno), Ozarbayjondan O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar oxirgi 10 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan bo‘lsa, ular 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinishi belgilangan.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan «qizil reyslar»dan (yuqoridagilardan boshqa barcha davlatlar) O‘zbekistonga kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.