Andijon viloyatida kafedra dotsenti oliygohga kiritish evaziga 2 ming dollar olayotganda ushlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tezkor tadbir Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament va DXXning Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan hamkorlikda o‘tkazildi. Unda Andijon davlat tibbiyot instituti kafedra dotsenti G.Q. dastlab fuqaro Sh. B.ni mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da berib, 8 ming dollar talab qiladi. Biroq hozirda institutga hujjatlarni topshirish muddati o‘tganligini ma’lum qilib, Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga talab qilingan pullardan
2 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan kafedra dotsenti G.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.