Samarqand aeroportining rekonstruksiyasiga umumiy miqdorda 62 mln dollar ajratilmoqda. Bu haqda O’zbekiston 24 telekanali reportajida xabar berildi.

Qayta qurish ishlari yakunlanganidan so‘ng, aeroport o‘z o‘tkazish qobiliyatini soatiga 600 dan 1200 yo‘lovchiga oshirishi mumkin. 22 ta havo kema uchun to‘xtash va uchish-qo‘nish yo‘lagi qurilishi ham yakunlanmoqda.

Loyihani Turkiyaning Kiklop va mahalliy Primetime Group amalga oshirishadi. Pudratchi vazifasini esa Enter Engineering kompaniyasi bajaradi.

«Bugungi kunda korxonada 245 nafar quruvchi barcha sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan tarzda ishlamoqda. Ish jadvalga muvofiq rivojlanmoqda. Inshoot qurib bitkazilganidan so‘ng, ushbu xalqaro aeroport yiliga 1,4 mln yo‘lovchini qabul qila oladi, bu esa mintaqada turizmni rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», ― dedi terminal qurilishi direktori Bahrom Usmonov.

Qurilish ishlarini tugatish va foydalanishga topshirish 2021 yilgacha mo‘ljallangan.

Samarqand aeroporti rekonstruksiya ishlari tugagandan so‘ng «Ochiq osmon» rejimi yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi xabarda.