3 avgust kuni Ispaniyaning sobiq qiroli Xuan Karlos I o‘z o‘g‘li — amaldagi qirol Filipp VI ga rasman mamlakatni tark etish niyatida ekanini ma’lum qildi, deya xabar berdi RBK

«Men hozirda Ispaniyadan tashqariga chiqib ketish to‘g‘risida chuqur o‘ylangan qarorim haqida xabar beraman», — deyiladi sobiq qirolning maktubida. Xuan Karlos I ushbu qarorni o‘g‘lining xotirjam va mas’uliyatli boshqaruviga hissa qo‘shishni istashi bilan izohladi.

Keyinchalik El Mundo gazetasi sobiq monarx mamlakatni tark etgani haqida xabar tarqatdi. 4 avgust kuni Ispaniyaning ABC gazetasi esa sobiq monarx allaqachon Dominikanadaligi haqida xabar berdi. Sobiq qirol safarining so‘nggi manzili hozircha noma’lum qolmoqda.

Ta’kidlanishicha, Filipp VI otasining qarorini ma’qullab, o‘z hurmatini bildirgan. Iyul oyi oxirida Xuan Karlos I ning sheriklari sobiq monarx o‘z qarorgohini — 58 yil davomida yashab kelgan «Sarsuela» saroyini tark etishga tayyorligini ma’lum qilishgandi. U mamlakatni tark etishi ehtimoli ham borligini ta’kidlab o‘tishgandi.

Xabarga ko‘ra, Xuan Karlos I ning mamlakatni tark etishi uning xorijiy hisoblarining shubhali manbasi yuzasidan korrupsiyaga qarshi tergov vaqtiga to‘g‘ri kelmoqda. 2020 yilning bahorida Shveysariya prokuraturasi sobiq monarx 65 mln yevro miqdoridagi pulni do‘sti Korinne Sayn-Vitgenshteynga topshirgani yuzasidan tergov boshlagandi.

Ispaniya prokuraturasi Xuan Karlos I Saudiya Arabistonida temir yo‘l qurilishi paytida ushbu mablag‘larni o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkin deya gumon qilmoqda. Ispaniya tergovchilari Panama jamg‘armasi nomidan ochilgan Xuan Karlos I ning Shveysariya hisob raqamiga 100 mln yevrolik o‘tkazmasini tekshirmoqda.

Korrupsiyaga bog‘liq ishlar tufayli 2020 yil mart oyida qirol Filipp VI otasidan qolishi mumkin bo‘lgan barcha merosdan voz kechgandi. Shu bilan birga, Qirol devoni Filippning Panama jamg‘armasiga aloqadorligini rad etgandi.

Ma’lumot uchun, Burbon sulolasidan kelib chiquvchi Xuan Karlos I 39 yil davomida Ispaniya qiroli sifatida mamlakatda hukmronlik qildi. U 1975 yilda ispan diktatori Fransisko Franko vafotidan keyin hokimiyatga kelgan. 2014 yilda qirol 76 yoshida taxtdan o‘g‘lining foydasiga voz kechgan.