Pandemiya sharoitida, jumladan, koronavirusdan vafot etganlarning dafn marosimlarini qanday o‘tkazish lozimligi yuzasidan zarur ma’lumotlar berildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi a’zosi Mirzamaqsud Alimov ushbu mavzuga bag‘ishlangan maxsus videomurojaatda ommaviy dafn marosimlari virus tarqalishi uchun qulay fursat ekanini ta’kidlar ekan, ushbu marosimlarida ko‘pchilik yig‘ilmasligi kerakligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, dafnga kelganlar 1 yarim metrlik ijtimoiy masofani saqlashlari, tibbiy niqob, qo‘lqop taqishlari, antiseptik vositalar bilan qo‘llarini tozalab turishlari kerak bo‘ladi. Qo‘l berib ko‘rishishni esa vaqtinchalik tark etish kerak.

«Mayyit tibbiy xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda yuvilishi lozim. Ya’ni g‘assol (mayyitni yuvuvchi — tahr.) niqob va qo‘lqopda bo‘lishi shart. G‘uslda ishlatilgan barcha narsalar yoqib yuborilishi lozim. Chelak va boshqa asboblar xlos vositasi yoki boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilinishi lozim. Besh-olti soat quyosh ostida quritilishi shart», — dedi Mirzamaqsud Alimov.

Agar mayyit tibbiyot xodimlari tomonidan maxsus matolar bilan o‘rab qo‘yilgan bo‘lsa, ularni tibbiy xavfsizlik nuqtai nazaridan ochish mumkin emas va uni qayta g‘usl qilish shart bo‘lmaydi.

Janoza namozi uzog‘i bilan 5−7 daqiqa davom etishi, unda sog‘lig‘i zaif, yoshi kattalar, yosh bolalar ishtirok etmasligi kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, ma’rakalarni faqat oila davrasida o‘tkazish kerakligiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha, agar tibbiyot xodimlari mayyitni qabristonga olib kelishgan bo‘lsa, janoza o‘sha yerda ado etilishi kerak. «Dafn marosimi odatdagidek amalga oshiriladi. Unda ham iloji boricha kam odam ishtirok etishi lozim. Dafndan keyin esa tezda uyga qaytib, poklanish choralarini ko‘rish lozim», — dedi Musulmonlar idorasi vakili.

Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy markazi direktori Anvar Alimov koronavirus JSST tomonidan o‘ta xavfli infeksiyalar guruhiga kiritilgani, bunday holatda murda ham kasallikni chaqirish imkoniyatiga ega deb belgilanishini ta’kidlagan edi.

«Shu munosabat bilan murdalarni O‘zbekistonda patologoanatomik buyruqlarda yuvib-tozalab, o‘rab berayotgan edik… JSST bergan bu tavsiya biz tomonimizdan o‘rganilganida, ikki soatdan keyin murdada bu virus o‘zining kuchini yo‘qotishi ma’lum bo‘ldi. Demak, biz murda ikki soat turganidan keyin uni uyiga berib yuborish, hozir to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borib ko‘milayapti, shu narsaga ruxsat berish mumkin, degan taklifni kiritdik. Respublika maxsus komissiyasi bu taklifni ko‘rib chiqib, shu kunlarda bunga ruxsat berilsa, o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar guruhidan chiqarilib, uyiga berish amaliyoti joriy etiladi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, professor Xabibulla Oqilov ham virusning faqat tirik hujayrada yashashi, ikki soatdan keyin uning yuqtirish qobiliyati yoki umuman yo‘q bo‘lib ketishi, yoki umuman pasayib ketishini tasdiqladi.

«Shuni inobatga olgan holda ikki-uch soat byuroda bo‘lganidan keyin, lekin baribir, o‘sha yerning o‘zida yuvib, kafanlab, qarindoshlariga beriladi-da, janozasi, baribir, o‘sha — mozor boshida qilinadi. Va yana, yana, yana bir marta fuqarolarimizga uqtirmoqchimizki, besh, o‘n kishidan ko‘p bo‘lmagan yaqin qarindoshlarga faqat o‘sha yerda ishtirok etishi tavsiya etiladi», — dedi u.