Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda karantin choralari bekor qilinganidan so‘ng barcha masjidlar hech qanday cheklovlarsiz o‘z faoliyatini davom etishi ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik rasmiy bayonotida qayd etib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, dunyo miqyosida kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonda ham boshqa davlatlardagi kabi namozlarni masjidlarda jamoa bilan o‘qishda cheklovlar joriy qilindi. Lekin, shu bilan birga, bu cheklovlarning barchasi vaqtincha o‘rnatilgan bo‘lib, mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfi kamayishi bilan ularni bosqichma-bosqich yechish ko‘zda tutilgan.

«Jumladan, karantin choralari bekor qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha masjidlarda fuqarolarning hech qanday cheklovlarsiz namozlarini jamoa bilan ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanadi. Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirligi masjidlarga voyaga yetmagan fuqarolar va bolalarning o‘z ota, aka-uka va yaqin qarindoshlari hamrohligida namoz o‘qish uchun erkin kelib-ketishlari мuмкинлигини eslatib, bunga qonunchiligimizda hech qanday taqiqlar mavjud emasligini alohida ta’kidlaydi», — deyiladi IIV rsmiy bayonotida.

Eslatitib o‘tamiz, 2019 yili 23 may kuni O‘zbekiston Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida «bolalar masjidga kiritilmasin» degan tartib borligini rad etib, bunday tartib bo‘lmaganini va voyaga yetmagan, yosh bolalar hamda o‘smirlarni masjidga namoz o‘qishga kelishi uchun hech qanday to‘siq yo‘qligini aytib o‘tgandi.

«Men qaysi bir masjidga boradigan bo‘lsam, u yerda yosh bolalarni ko‘raman. Yosh bolalarga hech kim hech narsa degani yo‘q. Bolalar kiritilmasin, degan tartib yo‘q. Bunday tartib umuman bo‘lmagan, bu tashqaridagi gaplar… Biz ham shu gaplarni eshitamiz, lekin namoyon bo‘lgani boshqacha. Bizga ham aytishadi, tekshirganimizda hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin, bitta gap — yosh bolalar ilm bilan shug‘ullanishi kerak. Ilm afzalmi, ibodat afzalmi? Ilm afzal. Bu gap sen kelmagin, degani emas. Tushungan odam tushunadi», — degandi muftiy Usmonxon Alimov.

Shuningdek, 11 iyun kuni AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston hukumatini mamlakatda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganini aytib o‘tgandi. Lekin, shu bilan bir qatorda, Davlat departament o‘zining 2019 yil yakuni bo‘yicha taqdim etgan Dinniy erkinlik hisobotida O‘zbekiston hukumatidan 16 yoshga yetmagan fuqarolarga ota-onasining ruxsatisiz masjidga borish taqiqini bekor qilishga chaqirgandi.