Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyati Furqat tumani ichki ishlar organlari xodimlari 34-sonli ixtisoslashgan umumta’lim maktabi jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayevni qiynoqqa solgani bilan bog‘liq habar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur xabar o‘rganilganda, haqiqatdan ham joriy yilning 26 iyul kuni Furqat tumanidagi 34-son ixtisoslashgan umumta’lim maktabida kompyuter o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq xolat sodir etilgani aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xuzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davom ettirilayotgani ma’lum qilindi.

«IIO xodimlari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayevni qiynoqqa solgani bilan bog‘liq holat yuzasidan Furqat tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», — deyiladi rasmiy munosabatda.

Qayd etilishicha, viloyat IIB tomonidan xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda va tekshiruvlar yakuniga ko‘ra qo‘shimcha xabar beriladi.

Daryo nashrining qo‘shimcha xabar berishicha, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Shuhrat Jo‘rayev kompyuterni o‘g‘irlaganlikda gumon qilinib, IIBga olib ketilgan va u yerda bir necha soat ushlab turilgan, qiynoqqa solingan, kaltaklangan. Voqeadan keyin Shuhrat Jo‘rayev sog‘lig‘i keskin yomonlashgani hamda IIO xodimlariga chora ko‘rilishini talab qilgan.