30 iyul kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2020 yilning birinchi 6 oyi yakuni bo‘yicha axboroti dastlabki tarzda eshitildi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu sohada amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida umumiy jinoyatlarning 20497 tasi yoki 95,2 foizi fosh etilgan. Tergov organlari qidiruvida bo‘lgan 1051 nafar shaxs ushlangan va 261 nafar bedarak yo‘qolganlar topilgan.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan 4158 ta jinoyat aniqlangan. Respublikadagi jami 9145 ta mahallaning 66,3 foizida yoki 6061 tasida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Shu bilan birga, majlisda o‘tkazilgan o‘rganishlar ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatayotganligi bildirib o‘tildi.

Xususan, 2020 yilning yanvar-iyun oylarida respublika miqyosida 21535 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 63,3 tadan to‘g‘ri kelgan.

«Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bunda, 2020 yilning birinchi yarim yilligida jami qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi, og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Shuningdek, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 5940 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 52,6 foizi Toshkent, Buxoro, Navoiy va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xususan, oila-turmush doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 2776 nafariga «himoya orderi» берилгани ma’lum qilindi.

«Yoshlar bilan ishlashda hanuz ko‘plab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga yetarli darajada e’tibor qaratilmaganligi oqibatida joriy yilning 6 oyida respublikada qayd etilgan har to‘rtinchi jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan», — deyiladi vazirlikning hisobotida.

Ta’kidlanishicha, mazkur hisobot parlament yuqori palatasining navbatdagi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.