Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlarida blokcheyn tizimi joriy etiladi, deya xabar berdi agentlikning matbuot xizmati.

«DXA blokcheyn tizimini aynan ushbu sohaga joriy etishdan boshlamoqchi. Buning uchun mamlakatimiz rahbarining tegishli qarori bilan „FHDYO yagona elektron arxivi“ axborot tizimini blokcheyn texnologiyasiga o‘tkazish belgilangan. Bunda davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy qilish ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, mazkur takomillashtirish ishlarida davlat byudjetidan mablag‘lar sarflanmaydi, moliyalashtirish Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi asosida Davlat xizmatlari agentligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMT TD) qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Bu ishlarni to‘liq yakunlash hamda amaliyotga tatbiq qilish 2020 yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, blokcheyn «FHDYO yagona elektron arxivi» axborot tizimiga qo‘shimcha maxsus apparat vositalaridan foydalanmasdan xavfsiz kirish va tizimdan foydalanish imkoniyatini yaratadi, kiritilgan fuqarolik holati yozuvlari bloklar deb ataluvchi xesh-funksiya yordamida o‘zgarmas blokka joylashtiriladi (xeshlash).

Shu bilan bir qatorda, ma’lumotlar faqatgina tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan akkauntlar tomonidan kiritiladi, ya’ni, har bir ishtirok etuvchiga maxsus login va parol beriladi. Yana bir jihati shundaki, qaysi akkaunt egasi qachon va nima ma’lumot kiritgani shaffof ko‘rinib turadi. Bu esa tizimda firibgarliklarning oldini olishga yordam beradi.

«Blokcheyn tizimida foydalanuvchi mustaqil ravishda alohida blokdagi ma’lumotni o‘zgartirolmaydi. Ya’ni bir blokdagi ma’lumotning o‘zgartirilishi barcha avvalgi bloklarga ta’sir qiladi. Shu jihatdan axborot xavfsizligi ta’minlanadi hamda tizimda ham shaffoflik ta’minlanadi», — deya ma’lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan boshlab «FHDYO» sohasi Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazilgandi.