22 iyul kuni O‘zbekistonda 498 ta koronavirus holati aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yangi holatlarning 93 tasi karantin muassasalarida, 405 tasi tana harorati ko‘tarilganligi tufayli profilaktika maqsadida hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shu bilan birga, Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Surxondaryo viloyatida 1 nafardan, jami 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida jami 351 nafar bemor sog‘ayib, koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord natija qayd etildi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 18 379 nafar bemordan 9 872 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 53 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 8 409 nafar bemordan 102 nafari og‘ir, 27 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.