Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda mamlakat hududlaridagi iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi uch kun ichida koronavirus tarqalishining oldini olish va kasallarni davolash bo‘yicha katta ishlar qilinganiga qaramasdan, infeksiya yuqtirayotganlar va vafot etayotganlar soni ortayotganini ta’kidladi.

«80 foiz o‘lganlar Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayabdi. Hozir iloji boricha eng og‘ir yotganlarga mutaxassislarni qo‘yib, ularni iloji boricha tezlashtirib ularni davolash kerak. Eng katta narsa alomatlarsiz bemorlarni uyda davolash bo‘yicha o‘zimizga yarasha yangi tizim yaratishimiz kerak. Bu yangi tizim yangilik biz uchun. Yozib berish kerak: qanday davolanadi, nima qiladi? Mutaxassis o‘n marta telefon qilsin. Qancha tez kasalliklarning oldini olsak, zararlanganlar kamroq bo‘ladi», — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev mahalliy poliklinika shifokorlari bilan uyda davolanayotgan alomatlarsiz yoki koronavirusning yengil shakli kuzatilayotgan bemorlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

«U uyda o‘zi qolmasligi kerak. Ikkinchidan, qo‘rquv bor. Buning ham oldini olish uchun odamlar u bilan muloqot qilib turish kerak. Muloqot deganda, o‘sha tumanning poliklinikasidan, telefoni borku hammaning, bo‘lmasa telefonni berib muloqot qildirish kerak. Chiqish man etiladi. Olib kelib beramiz hamma narsani. Mana shuni tashkil etish kerak. Agar u ko‘chaga chiqsa, zararlanish ehtimoli 200 foiz boshqa odamlarning», — dedi prezident.

Davlat rahbari hozirgi vaziyatda tumanning to‘rtta sektori rahbarga ko‘p narsa bog‘liq ekanini qo‘shimcha qilib o‘tdi.