Qarshining «Nasaf» futbol klubi o‘z logotipini almashtirdi. Qanotlari bilan to‘pni quchayotgan humo qushining o‘rniga, gerbga olov purkayotgan ajdaho qaytarildi, deya xabar berdi «Qashkadaryo» gazetasi.

Futbolchilar yangi ramzni o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan Superliganing to‘qqizinchi turida «Qo‘qon-1912» jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda namoyish etishdi. O‘yin durang natija bilan (2:2) yakunlandi. Qarshiliklar maydonga yangi libosda kirib borishdi, unda olov purkayotgan ajdaho asosiy timsol sifatida tasvirlangan.

Ajdaho tasvirlangan logotipni qaytarishni jamoa 2020 yilning boshidan beri rejalashtirayotgan edi. Aynan o‘sha davrda yangi logotipning dizayni ishlab chiqilgan, biroq pandemiya sababli logotip e’lon kilinishini biroz kechiktirishga to‘g‘ri keldi.

Jamoaning birinchi logotipi 1997 yilda taqdim etilgan va 2003, 2008, 2009, 2011, 2012 yillarda o‘zgartirilgan.

«Har bir futbol jamoasining o‘ziga xos „taxalluslari“ mavjud. Masalan, „Sho‘rtan“ futbol klubining futbolchilari — bo‘rilar, biznikilar esa ajdaholar. So‘nggi yillarda muxlislar „ajdaholar“ maydonga o‘zlarining qush tasvirlangan emblemalar bilan kirib borishlari noto‘g‘ri ekanligini ko‘p bora ta’kidlashdi. Shu sababli, bu yil klub rahbariyati ajdahoni jamoaga qaytarishga qaror qildi», — dedi klubning sport direktori Yunus Nabiyev.

Shuningdek uning ta’kidlashicha, 2009−2011 yillarda jamoa logotipi va ekipirovkalarida ajdaho tasvirlangan edi. Uning aytishicha, hammasi Qarshi shahrining 2700-yilligining nishonlanishi bilan boshlangan. O‘shanda jamoatchilikka ajdaho tasvirlangan noyob buyumlar sovg‘a qilishgan. Ushbu arxeologik buyumlar muxlislarni ilhomlantirgan va «Nasaf» futbolchilarini ajdaholar deya atay boshlashgan.

Jamoa, shuningdek, 2020 yilgi mavsumga atalgan Adidas kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yangi sport formasini taqdim etdi.