Kinorejissyor Sarvar Karimov 63 yoshga kirgan otasining koronavirus infeksiyasidan vafot etganini ma’lum qildi.

«Bugun dadam qazo qildilar. Koronavirusdan. Lekin tashhis qo‘yilmadi. Bir hafta uyda davoladik. 103 ga telefon qilsak, bemorning isitmasi bo‘lsa kelolmaymiz deyishdi. Ularni ham tushunaman, na dorisi bor, na himoya vositasi. Rasmiy statistikaga ishonmang, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang», — deb yozdi rejissyor Twitter sahifasida.

Sarvar Karimov («Sehrli qalpoqcha», «Sariq devni minib», «Sarviqomat dilbarim» va boshqa filmlar rejissyori) oilasining hafta davomida tez yordam chaqirishga harakat qilganini ta’kidladi.

«Davlatga ishonmang. Rasmiylarning barcha gapi yolg‘on. Ishonch raqamlariga telefon qilib tushib bo‘lmaydi, tushsangiz ham boshqa nomerni berib yuboradi. Biz dadamizga bir hafta „skorыy“ chaqirolmadik. Oxiri [infeksiya] o‘lkalariga o‘tib ketib, jonlari uzildi. 63 yoshda edilar. 10 kun avval soppa sog‘ edilar», — deb yozdi u.

Sarvar Karimov hozirda butun oilasi koronavirusga chalinganini ma’lum qildi.

«Bu gaplarni yozishimdan maqsad — davlat yordamidan umidingizni uzing. Ko‘chaga chiqmang, ayniqsa kattalarni ehtiyot qiling. Hozir butun oilamiz COVID-19 ga chalingan (rasmiy). O‘zimizni o‘zimiz davolayapmiz, chunki boshqa iloj yo‘q. Duo qilinglar, tuzalib ketaylik. Alloh shifo bersin hammamizga», — deb yozdi rejissyor.