Prezident Shavkat Mirziyoyev navbatdagi videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

«Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa — ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini ko‘rishdan iborat, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, beg‘am bo‘lsak, minglab odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, vaziyatimiz yanayam og‘irlashadi. Eng qo‘rqinchlisi, o‘lim soni keskin ko‘payadi».

Prezident hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng ta’sirchan vositalarni ishga solish zarurligini ta’kidladi.

«Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda bo‘lishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz bo‘lishi shart, — deya so‘zida davom etdi prezident. — Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz».

Bu borada eng katta mas’uliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tildi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlandi.

«Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va mas’ullarning miyasi soat mexanizmiday kunu tun, aniq va bexato ishlashi lozim, — dedi davlat rahbari. — Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qo‘limizda aniq ma’lumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak».

Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida yana bir bor xalqqa murojaat qilib, jumladan, shunday dedi:

«Har birimiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning sog‘lig‘i va taqdiri uchun avvalo o‘zimiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Shu munosabat bilan xalq vakillari bo‘lgan deputatlarimizdan, ijodkor ziyolilarimiz, hurmatli jurnalistlarimiz, mahalla faollaridan iltimos qilaman: pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy mas’uliyati haqidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak. Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam o‘zidagi beparvolikni yengsa, o‘zi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga mas’uliyat bilan qaraydigan bo‘lsa».

«Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib o‘tamiz», — deya ta’kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan e’lon qilgan edi. Bugungi yig‘ilishda bu borada ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar bo‘yicha bugun Toshkent shahri hokimi, bosh prokuror va boshqa mutasaddi rahbarlar hisobot berdi.