2020 yilda mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlari oqibatida mamlakatga 172,2 mlrd so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Uning 66 foizi undirilgan, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura o‘zining “Mansabdor shaxslar jinoyatchiligi tahlili"da.

Unga ko‘ra, 2020 yili Bosh prokuratura tomonidan qo‘zg‘atilgan jami 327 ta jinoyat ishi bo‘yicha 459 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Qiyoslash uchun: 2019 yilda 398 ta jinoyat ishi bo‘yicha 537 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan.

Bunda javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar mavqei bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan:

  • Respublika miqyosidagi xodimlar — 4 nafar (2019 yili — 25);
  • viloyat miqyosidagi xodimlar — 13 nafar (2019 yili — 36);
  • tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar — 442 nafar (2019 yili — 476).

Ushbu mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oqibatida mamlakatga yetkazilgan 172,2 mlrd so‘m miqdorida moddiy zararning 66 foizi qayta undirilgan. 2019 yilda esa ushbu ko‘rsatkich 1,66 trln so‘mga teng bo‘lib, jami yetkazilgan zarardan 97,3 foizi undirilgan.


Infografika: Bosh prokuratura

Sodir etilgan jinoyat turlari bo‘yicha tuzilgan tahlilga ko‘ra, mansabdor shaxslar eng ko‘p sodir etgan jinoyat turli — o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bo‘lgan (2020 yili — 180 nafari, 2019 yili — 250 nafari). Shu bilan birga, 57 nafar mansabdor shaxs pora olish, pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 14 ta holatga kamroq qayd etilgan ko‘rsatkichdir (2019 yili — 71).

Shuningdek, 92 nafar mansabdor shaxs firibgarlikka qo‘l urgani (2019 yili — 51), 16 nafari mansab vakolatini suiiste’mol qilgani (2019 yili — 23), 8 nafari hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqani (2019 yili — 18) va boshqa bir qator jinoyatlar qilgani aniqlandi.

Infografika: Bosh prokuratura

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining bosh shifokori hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Markaz mansabdor va moddiy javobgar shaxslari qariyb 510 mln so‘mлик tovar moddiy boyliklarini o‘zlashtirish va talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.