O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqib, aholi uchun qulay tizimni ishlab чиқишни topshirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

“Tahlillar koronavirus bilan zararlanishning oldini olish, kasallikni erta aniqlash, simptomsiz va yengil kechayotgan bemorlar bilan olib borilayotgan davolash va nazorat tadbirlarini amalga oshirishda yangi strategiyalarni qo‘llashni talab qilmoqda. Respublika maxsus komissiyasi bu borada tezlik bilan barcha zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin”, — dedi prezident.

Shuningdek, davlat rahbari viloyat, shahar va tumanlarda mahalliy kengashlar, joylardagi hokimlik va boshqaruv idoralari o‘z hududidagi vaziyatni chuqur tahlil qilib, Respublika komissiyasi bilan kelishilgan holda karantin qoidalarini qayerda zarur bo‘lsa kuchaytirishi, qayerda zarur bo‘lsa yumshatishi lozimligini ta’kidladi.

“Barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, imkoniyat mavjud bo‘lgan hamma joyda ishlab chiqarish korxonalarini ishga solishimiz, mehnat unumdorligini oshirishimiz kerak. Masalan, qishloq joylarda aholi shahardagidek tig‘iz emas. Kasallik tarqamagan hududlarimiz ham ko‘p”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bu yildan boshlab oziq-ovqat masalasi dunyo miqyosida hal qiluvchi o‘ringa chiqishini ta’kidlar ekan, mamlakada doimo uch oylik oziq-ovqat zaxirasi shay turishi kerakligiga urg‘u qaratdi.

“Ozgina chidasak, bu kunlar hademay o‘tib ketadi. „Sabr qilgan murodga yetar“, deydi xalqimiz. Ishonchim komil, har bir ishni yetti marta o‘ylab, chidam va matonat bilan amalga oshirib kelgan el-yurtimiz bugungi sinovlardan munosib o‘tib, o‘zining ezgu maqsadlariga albatta yetadi”, — dedi davlat rahbari.