Mamlakatga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog‘liq bandlar kiritilganligi sababli va ular davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi tufayli Respublika maxsus komissiyaning qarorlari to‘lin e’lon qilinmayapti. Bu haqda adliya vaziri o‘rinbosari adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligiga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarni qiziqtirgan “O‘zbekiston Respublikasi koronavirus infeksiyasining yangi turini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi va Maxsus komissiya qarorlari nima uchun to‘liq shaklda e’lon qilinib, yoritilmayapti?” degan savol kelib tushgan va adliya vazirining o‘rinbosari unga brifing davomida javob berdi.

Muzraf Ikramovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi, ammo quyidagi ob’ektiv va mantiqiy sabablarga ko‘ra e’lon qilinmagan:

  • Dastur birgina hujjatdan iborat emas, u o‘z ichiga kompleks chora-tadbirlarni oladi, normativ-huquqiy hujjat ham emas va shunga ko‘ra, majburiy e’lon qilinishi shart emas;
  • unga mamlakatga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog‘liq bandlar kiritilgan bo‘lib, davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi tufayli ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish maqsadga muvofiq emas;
  • hujjatda vazirlik va idoralarga fuqarolarning sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muayyan vazifalarni bajarish bo‘yicha asosan tashkiliy choralar ko‘zda tutilgan;
  • Dastur yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi, umummajburiy qoidalar kiritilishini ko‘zda tutmaydi.

Dastur — kechiktirib bo‘lmaydigan choralar majmuasidir, mazkur masalada qabul qilinayotgan O‘zbekiston prezidentining hujjatlari, hukumatning qarorlari, Maxsus komissiya qarorlarining barchasi Dasturni to‘ldiradi.

“Koronavirusga qarshi kurash jarayoni sodir bo‘layotgan voqealarga tezkor munosabat bildirish va epidemiologik vaziyatning o‘zgarishiga nisbatan safarbarlik va boshqa rezervlarni ishga solish bo‘yicha qarorlarni kechiktirmasdan qabul qilish lozimligini ko‘rsatdi, bu boradagi ma’lumotlar esa cheklangan xarakterga egadir”, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari.

Shu bois Maxsus komissiyaning protokollari ham qisqartirilgan ko‘rinishda e’lon qilinayotgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, протоколларнинг aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari rasmiy axborot ko‘rinishida majburiy tartibda mavjud barcha kommunikatsiya kanallari orqali tarqatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Muzraf Ikramov Respublika maxsus komissiya qarorlar chiqarishga qanchalik vakolatligiga oydinlik kiritgandi.