12 iyul kuni O‘zbekistonda 484 holatda koronavirus qayd etilib, jami holatlar 12997 taga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Yangi holatlarning 219 tasi karantin muassasalarida, 265 tasi aholi orasida aniqlandi.

Shu bilan birga, bugun Toshkent shahrida 3 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi.

Bundan tashqari, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 129 nafar fuqaro sog‘aydi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 12997 nafar bemordan 7852 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 60 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 5085 nafar bemordan 43 nafari og‘ir, 7 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatda uy karantinida 50 253 nafar, statsionar karantinda esa 25 482 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.