O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi yarmida (yanvar-iyun oylari) jami 2388 ta sodir etilgan yo‘l-transport hodisalaridan 642 tasi o‘lim bilan bog‘liq bo‘lgan, deya ma’lum qildi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi.

Unga ko‘ra, mamlakat hududida muayyan davr davomida jami 2388 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli 7 foizga kam (2019 yili I yarmida — 2564 ta). Ushbu YTHlardan 642 tasida o‘lim holatlari qayd etilgan. Mazkur hodisalar oqibatida umimiy 1746 kishi tan jarohati olgan.

Ta’kidlanishicha, yo‘l-transport hodisalarining 383 tasi bolalar, 1154 tasi piyodalar va 101 tasi velosiped ishtirokida sodir etilgan.

Shuningdek, hisobot davrida yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari qatorida piyodalar yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tishi (26,2 foiz), belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (14,5 foiz), piyoda yo‘lga to‘satdan chiqib qolishi (10,3 foiz), quvib o‘tish yoki qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish (7 foiz), velosipedlar yo‘lning qatnov qismida harakatlanishi (5,3 foiz), haydovchilarni rulda uxlab qolishi (5,1 foiz) va avtomobilni mast holatda boshqarish (4,2) kabi holatlar bo‘lgan.

Yo‘l transport hodisalari sodir etilish vaqti asosan kunduzgi (61 foiz), qolgan 39 foizi tungi vaqtga to‘g‘ri keladi.

Ma’lum qilinishicha, Respublika bo‘ylab eng ko‘p YTH Farg‘ona viloyatida — 357 ta, Toshkent viloyatida — 304 ta va Toshkent shahrida — da 274, eng kami esa Sirdaryo (55 ta), Jizzax (59 ta) va Navoiy (78 ta) viloyatlarida qayd etildi.

Manba: IIV YHXBB