O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari bo‘yicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur onlayn sammitda 80 dan ortiq davlat, hukumat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT, Jahon savdo tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbarlari ishtirok etdi.

Vazirlik xabarida ma’lum qilinishicha, XMT rahbari Gay Rayder taklifiga binoan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev onlayn tashkil qilingan global sammit ishtirokchilariga o‘z murojaatini yo‘lladi.

Unga ko‘ra, davlat rahbari pandemiya va boshqa global muammolarga samarali yechim topish uchun birinchi navbatda kelishilgan harakatlar zarurligini ta’kidlab, BMT shafeligida Пандемия davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu kodeksda davlatlarning o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va inson huquqlari sohalaridagi eng kam shartlari va majburiyatlari belgilab qo‘yilishi kerakligi qayd etildi.

Jumladan, birinchidan, cheklov choralari faqat vaqtincha, fuqarolar huquq va erkinliklariga majburiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak. Bunday choralar xalqaro savdoga, ayniqsa tibbiy mahsulotlarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga to‘sqinlik qilmaslik bo‘yicha xavflarga mutanosib bo‘lishi shart.

Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, o‘z vaqtida va samarali profilaktik choralarni ko‘rish zarurligini, shu bilan birga, pandemiya e’lon qilingan vaqtda sog‘liqni saqlash sohasiga ortiqcha yuklamalar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ko‘rsatdi.

Profilaktik choralar sifatida esa, birinchi navbatda, prognoz qilish, tarqalishning erta bosqichlarini aniqlash, epidemiyaga qarshi turish va uning oqibatlarini kamaytirish choralari kiradi.

Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini ta’minlash muhimligini ko‘rsatdi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi kasallikka qarshi kurashning boshida turgan, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatgan tibbiyot xodimlariga tegishli.