8 iyul kuni 7:30 atrofida Namangan viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar qildi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Sement yuklangan Isuzu yuk mashinasi Pop tumanida “Toshkent — O‘sh” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan bo‘lgan. 28 yoshli haydovchi J. J. boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Natijada yuk mashinasi yo‘l chetidagi jarlikka ag‘darilgan.

Haydovchi va yo‘lovchisi 23 yoshli Sh. J. tan jarohatlari olib, hodisa joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.