Buxoro viloyatida Damas rusumli tez tibbiy yordam avtomashinasi ishtirokida sodir etilgan yo‘l transport hodisasi oqibatida ikki kishi vafot etdi, deya xabar berdi IIV YHXBB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 7 iyul kuni soat 05:25 larda, Buxoro viloyati hududidan o‘tgan A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining 345-kilometrida tez tibbiy yordam haydovchisi 1988 y.t. Ye.P. “Damas” rusumli transport vositasini boshqarib ketayotib ehtiyotsizligi oqibatida yo‘l chetida to‘xtab turgan haydovchi 1970 y.t. A.S. boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk avtomashinasining orqa qismiga borib urilgan.

“YTH natijasida „Damas“ rusumli transport vositasi haydovchisi 32 yoshli Ye.P. va yo‘lovchisi 28 yoshli A.X.lar og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etishgan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur YTH yuzasidan Peshku tumani IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.