15 iyundan boshlab sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan davlatlarga aviqatnovlar tiklanadi. Bu haqda Respublika maxsus komissiyasi qarori qabul qilindi.

O‘zbekistondankirish va chiqishga quyidagi shaxslarga ruxsat berildi:

  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila a’zolari;
  • investitsiya loyihalari doirasidagi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;
  • davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;
  • xorijda yaqin qarindoshlari yoxud og‘ir kasal bo‘lgan qarindosh-urug‘lari mavjud bo‘lgan shaxslar;
  • xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari so‘rovlariga asosan O‘zbekiston orqali boshqa davlatlarga olib o‘tilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;
  • O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolari.

Bundan tashqari, o‘qish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi. Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qat’iy amal qilgan holda tashkil etiladi.

“Yashil”, “sariq”, “qizil” aviareyslar

Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan (yashil reyslar) Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda bo‘lib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi.

Koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reylar — evakuatsiya reyslari) qolgan boshqa davlatlar, shu jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.

Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan va yaxshilanayotgan mamlakatlarda aviareys qatnovi kuniga qadar uzluksiz 14 kundan kam bo‘lgan, shuningdek, og‘ir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga O‘zbekistonga kelish uchun aviabiletlar sotilmaydi.