«Yagona umumrespublika protsessing markazi» MCHJning (Uzcard brendi) ta’sischilari tarkibida o‘zgarish bo‘ldi. Bu bo‘yicha ma’lumot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tadbirkorlik subektlari haqidagi ma’lumotlar bo‘limida berilgan.

Portalda Uzcard ning ustav fondidagi 75 foiz ulush Tursunov Oybek Botirovichga tegishli ekanligi ko‘rsatilgan. Oldinroq 75 foiz ulush, Uzcard direktori Maxmudov Axror Abrorovichga tegishli edi. Qolgan 25 foiz esa MCHJning o‘ziga tegishli.


2020 yil 14 may holatiga ko‘ra ta’sischilar tarkibi.

«Gazeta.uz» Uzcard direktori Axror Maxmudovdan izoh ola olmadi.

«Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risidagi» qonunga ko‘ra, jamiyat ishtirokchilari boshqa ishtirokchi tomonidan sotilayotgan ulushni (ulushning bir qismini) imtiyozli sotib olish bo‘yicha o‘z huquqlaridan foydalanmagan taqdirda, jamiyat ushbu ulushni (ulushning bir qismini) sotib olish bo‘yicha imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.


2020 yil 13 may holatiga ko‘ra ta’sischilar tarkibi. Foto: bankers_uz / Telegram.

O‘tgan yilning avgust oyida 95 foiz aksiyalar Oybek Tursunvoga tegishli bo‘lgan Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank»ning 36 foiz aksiyasini sotib olganligi haqida ma’lumot berilgan edi.