13-may kuni O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Senat matbuot xizmati.

Unda Parlament komissiyasi a’zolari — Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining raislari, BMT tuzilmalarining O‘zbekistondagi doimiy vakillari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdilar.

Muhokamaning asosiy mavzusi Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni bajarish bo‘yicha Ixtiyoriy milliy hisobot loyihasi bo‘ldi. O‘zbekiston 2020-yilda o‘tkaziladigan Barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi siyosiy forumda Ixtiyoriy milliy hisobotni taqdim etishni rejalashtirayotgan 49 ta mamlakat ro‘yxatiga kiritilgan.

Senat raisi Tanzila Norboyeva komissiya hukumat huzurida tashkil etilgan tegishli Muvofiqlashtiruvchi kengash va mas’ul tuzilmalarning davriy hisobotlarini eshitishini ma’lum qildi. Parlament komissiyasi Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlarni amalga oshirish ustidan milliy hamda hududiy darajada, viloyatlar va tumanlar kesimida nazorat olib boradi. Bunda 6600 dan ortiq mahalliy Kengashlar deputatlarining salohiyatidan foydalaniladi.

Ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida Parlament komissiyasi ishiga keng jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari jalb etiladi.

Komissiya o‘rganishlari natijalaridan kelib chiqib, qonunchilikni yanada takomillashtirish, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

2020-yil davomida 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlaridan 8 tasining amalga oshirilishini o‘rganish nazarda tutilgan.