O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5 may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mamlakatda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargayotgani bois 22 apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi. Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat o‘rganildi. Har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olindi.

Yig‘ilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish sub’ektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.

Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Lekin, koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan ob’ektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.

Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.

“Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra:

  • — to‘qimachilik korxonalari va klasterlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o‘tiladi;
  • — 1 aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy to‘lov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;
  • — to‘qimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytariladi;
  • — soha uchun muhim bo‘lgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik to‘qimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o‘zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo‘yildi. 23 aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normalarga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.

Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1 iyunga qadar korxonalarga ko‘rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo‘yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha kreditlar berish, eksport majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.