Karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami — 14 968 ta holat aniqlangan. Bu haqda ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarning 289 nafari 18 yoshgacha, 8152 nafari 18−30 yosh, 5119 nafari 31−50 hamda 1408 nafari 51 va undan katta yoshdagi fuqarolardir.

Ular orasida eng ko‘p qoidabuzarlik holatlari Toshkent shahrida (2 621 ta) va Farg‘ona viloyatida (1 934 ta), eng kami esa Navoiy (241 ta) va Xorazm (370 ta) viloyatlarida qayd etilgan.

Xabarga ko‘ra, jamoat joyida tibbiy niqob taqmaslik (14459 ta holat), karantin hududini tashlab ketish (287 ta), sanitariya va epidemiologiya qoidalariga zid ravishda savdo faoliyatini davom ettirish (139 ta) marosim va yig‘in o‘tkazish (23 ta), ijtimoiy tarmoqlarda vahima va asossiz xabarlar tarqatish (8 ta) va boshqa qoidabuzarliklar aniqlanib, ularga qarshi ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan.

Xususan, 29 mart kuni soat 11:00 larda fuqaro B.R. Navoiy viloyati Uchquduq tumani «Abay» mahallasi hududida tibbiy niqobsiz yurish bilan birga, spirtli ichimlik ichib mast holda fuqarolar tinchiligini buzgan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, 194-moddasining 2-qismi hamda 54-moddasining 1-qismiga asosan 10 sutka qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, karantin qoidalari buzilgani yuzasidan 4 ta jinoiy qo‘zg‘atilib, 4 kishi gumondor tariqasida qamoqqa olingan. IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.