O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi direktori Xalilillo To‘raxo‘jayev premium-klass avtomobillari uchun transportda harakatlanishga maxsus ruxsatnoma olish bo‘yicha ariza berayotgan tadbirkorlarga murojaat qildi. U bunday tadbirkorlarni «vijdoni yo‘q va afsuski, tadbirkor sha’niga katta dog‘ tushirayotgan «uddaburon, uchar"lar deb atadi.

Uning qayd etishicha, karantin davrida oziq-ovqat savdosi va umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatlari uchun (kurerlik va «dostavka») avtotransportlarga maxsus ruxsatnomalar berilishi belgilangan. Bugungi kunda bunday toifadagi arizalar soni 30 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Bir qator korxonalar tomonidan esa «premium-klass» avtotransport vositalariga, shu jumladan, BMW X7, Mercedes, Leksus, Hyundai, Captiva, Malibu-2, Tracker va shunga o‘xshash mashinalar uchun ham «kurerlik»ni amalga oshirish uchun arizalar yuborilmoqda.

«Ushbu arizalarga ilova qilingan hujjatlarda mazkur toifadagi avtomashinalarni haydovchilari kurer sifatida rasmiylashtirilgan ish beruvchining buyrug‘ini taqdim qilmoqda», — deb yozdi Xalilillo To‘raxo‘jayev.

«Mamlakatimizda hukm surayotgan ushbu og‘ir kunlarda bunday ishlarni amalga oshirishga „uddaburon“ tadbirkorlarimizning vijdonlari qanday qilib yo‘l qo‘ymoqda ekan?» — deya savol berdi Xalilillo To‘raxo‘jayev. U qimmatbaho avtomobillar egalariga extiyojmand oilalarga yordam berishni taklif qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat xizmatlari markazlari xodimlari har bir hujjatning haqqoniyligiga alohida baho berishda katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

«Aynan Sizdek «hurmatli"lar tufayli, haqiqatdan ham oziq-ovqat, dori-darmon, don mahsulotlarini yetkazib beruvchilar tegishli ruxsatnomasini o‘z vaqtida ololmayapti!» — deb yozdi Xalilullo To‘raxo‘jayev.

DXA rahbari hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tib, barchani insonlikni unutmaslik va boshqalarni ham o‘ylashga chaqirdi.