O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi. Bu haqda AOKA matbuot xizmati xabar qildi.

Majlisda AOKA direktori v. b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva kelgusi mehnat faoliyatlarini nodavlat sektorda davom ettirish rejalari bilan bog‘liq murojaatlarini Prezident administratsiyasiga kiritishgani va Prezident administratsiyasi tomonidan ushbu murojaatlari ko‘rib chiqilib, qondirilgani haqida e’lon qilindi.

Tadbir doirasida Agentlik direktori v. b. Komil Allamjonov va direktor o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o‘z rahbarlik faoliyati davomida amalga oshirgan ishlari haqida qisqa hisobot berib, shuningdek, kelajakdagi jamoatchilik yo‘nalishi bilan bog‘liq rejalari borasida fikr bildirishdi.

Majlis yakunida Prezident administratsiyasi rahbari agentlik tomonidan erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidlab, Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyevalarning respublikaning OAV sohasida demokratik islohotlarni amalga oshirishda, jurnalist va blogerlarning huquqlarini himoya qilishda, davlat organlari rahbarlarining mass-media bilan o‘zaro munosabatlari samaradorligini oshirishdagi shaxsiy hissalarini yuqori baholab, O‘zbekiston davlati rivojlanishi yo‘lidagi kelgusi ishlariga zafarlar tiladi.

AOKA xabariga ko‘ra, Dilshod Madraximovich Saidjanov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.