Dekabr oxirida Telegram-kanallarida Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti bolalarining fotosuratlari tarqalgan edi. Suratlarda bolalar issiq kiyimda va ikkitasi bitta karavotda uxlayotgani aks etgan. Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) va prokuratura ushbu sharoitlarni tekshirish uchun MTTga tashrif buyurdi, deb xabar berdi MTV matbuot xizmati.

Guruhlarda harorat 23 darajaga teng ekani ma’lum bo‘ldi. Mudiraning so‘zlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumiga 30 tonna briket va qora ko‘mir sotib olingan. «Hozirda isitish bilan bog‘liq muammolar yo‘q», — deyiladi xabarda.

MTTda yetarli miqdordagi yotoq mavjud. 2019 yilda tashkilot rekonstruksiya qilindi, yangi bino qurilib, mebel va aksessuarlar bilan jihozlandi.

Vazirlik va prokuratura tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijasida fotosuratlar sahnalashtirilgani aniqlandi. MTV matbuot xizmatining xabar berishicha, ular avvalroq mas’uliyatsizligi sababli jamoa oldida MTT mudirasi lavozimidan chetlashtirilgan tarbiyachi tomonidan tasvirga olingan. Ayol tasvirga olgan rasmlarni jiyaniga yuborgan, u esa blogerlar o‘rtasida tarqatgan.

Tarbiyachiga nisbatan «tegishli choralar» ko‘riladi, prokuratura vaziyatni o‘rganishda davom etmoqda.

MTV xabarida ta’kidlanishicha, so‘nggi oylarda maktabgacha ta’lim tizimining ba’zi xodimlari vazirlikdan o‘z hamkasblaridan o‘ch olish vositasi sifatida foydalanishni boshladi.

«Siz nafaqat aybsiz odamlarga tuhmat qilyapsiz, balki rahbarlaringizni ishdan bo‘shatish yoki tanbeh oldirish uchun sizga ishonib topshirilgan bolalarning sog‘lig‘ini ham xavf ostiga solishga tayyorsiz», — deyiladi MTV bayonotida.