Oxirgi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «IIB xodimi soqol qo’ygan yigitni zo’rlik bilan bo’limga olib ketmoqda» sarlavhali post tarqatilmoqda. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, xaqiqatdan ham joriy yilning 31 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati IIB Post-patrul va jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi xodimi serjant X.Normurodov belgilangan taqsimotga asosan Qarshi shahridagi «Oqtepa fayz baraka» savdo majmuasi (xalq orasida «Orzu bozori» deb nomlanadi) hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb etilgan.

Xizmat jarayonida, savdo majmuasi hududida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganligiga gumon qilib, Kasbi tumanida yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan F.Ahadovni huquqbuzarlik sodir etmasligi to‘g‘risida og‘zaki ravishda ogohlantirib, ushbu joyni tark etishi xaqida talab qo‘ygan. O‘z navbatida F.Ahadov xodimning so‘zlariga bepisandlik qilganligi oqibatida ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng X.Normurodov fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida, uni, bozor hududidagi tayanch punktiga olib borish uchun patrul avtomashinasiga mindirmoqchi bo‘lganida, F.Ahadov qarshilik ko‘rsatgan. Aynan mana shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

X.Normurodov fuqaro F.Ahadovni avtomashinaning huquqbuzarlarni olib yurish uchun mo‘ljallangan orqa qismiga mindirib, ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib borgan. U yerda X.Normurodov F.Ahadovning xatti-harakatlari noo‘rinligini, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunishi uning burchi ekanligini tushuntirgan, shundan so‘ng F.Ahadov X.Normurodovdan uzr so‘rab, boshqa bunday holat qaytarilmasligini ta’kidlagan. X.Normurodov o‘z navbatida fuqaroni og‘zaki ogohlantirish bilan cheklanib, huquqbuzarlik holatini xujjatlashtirmasdan F.Ahadovga javob berganligi ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv jarayonida X.Normurodov fuqaro F.Ahadovni ismini bilmaganligi sababli, uning soqol qo‘yib olganligi uchun unga nisbatan «soqoltoy» deb murojaat qilganligi, diniy e’tiqodi bo‘yicha tahqirlash mazmunida biror bir gap aytmaganligi, fuqaro F.Ahadov ham buni tasdiqlayotganligi aniqlangan.

Xulosaga ko‘ra X.Normurodov fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasb madaniyatini tamoyillarini buzganligi, o‘zining xatti-harakatlari tufayli keng jamoatchilikda ichki ishlar organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab bo‘lganligini inobatga olib, intizomiy jazo sifatida lavozimidan chetlatilib quyi tizimga tushirilgan.