O‘zbekiston prezidentining «2020−2024 yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini obodonlashtirish va arxitektura-landshaft dizaynini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

Hujjatda yo‘llarni obodonlashtirish va arxitektura-landshaft dizaynini rivojlantirish konsepsiyasini hamda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini obodonlashtirishning 2020−2024 yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Kontsepsiyaning asosiy maqsadi — magistral yo‘llar bo‘ylab yashil maydonlarning sifatini oshirish va yaxshilashdan iboratdir.

2020 yil 1 mayga qadar umumiy foydalanishdagi yo‘llardagi yashil maydonlarni inventarizatsiya qilish va 2021 yil 31 dekabrgacha yashil maydonlar va ularning o‘sishini qayd etish uchun yagona axborot-kompyuter tizimini yaratish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, bosqichma-bosqich ko‘kalamzorlashtirish uchun tomchilatib sug‘orish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

Avtomobil yo‘llarini sug‘orish va yashil maydonlarni parvarishlash uchun resurs tejaydigan texnologiyalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish bilan shug‘ullanadigan «Yo‘lko‘kalam Sug‘orish» unitar korxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, yo‘llarni obodonlashtirish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini tashkil etish kutilmoqda. Uning vazifasi yo‘llarni obodonlashtirish sohasidagi xalqaro tajribalarni o‘rganish va ijodiy qo‘llash, shuningdek, obodonlashtirish sohasida tugallangan ishlanmalarni amalga oshirishda mutaxassislarning manfaatdorligi va javobgarligini oshirishdir.

2020−2024 yillarda qorni ushlab turish, dekorativ va shovqindan himoya qilish funksiyalarini hisobga olgan holda yo‘llarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarning holati va sifatini yaxshilash, yashil maydonlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish uchun ma’rifiy ishlar olib borish, manzarali o‘simliklar va gulzorlarni yetishtirish uchun pitomniklar yaratish rejalashtirilgan.

Konsepsiyada yo‘llarni ko‘kalamzorlashtirishning hozirgi holatiga baho berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakat yo‘l tarmoqlarining umumiy uzunligi 184 ming km dan ortiq. 2018−2019 yillarda 1724 km yo‘l ko‘kalamzorlashtirildi.

Qaror loyihasida mavjud yashil maydonlarning nazoratsiz qolgani, umumiy foydalanishdagi jamoat avtoyo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ishlar ixtisoslashmagan korxonalar tomonidan amalga oshirilgani, ular bir yillik gullarni ekish bilan cheklangani qayd etiladi. Shuningdek, 2008 yildan 2017 yilgacha suv ta’minoti va sug‘orish tizimini yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmagan. 2008 yildan 2017 yilgacha ushbu maqsadlar uchun 46,5 mlrd so‘m ajratilgan.