O‘zbekiston prezidenti 16 oktyabr kuni 14 avgustda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilinib, 11 oktyabrda Senat tomonidan ma’qullangan «Metsenatlik to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, metsenatlik, bu — madaniyat va san’at, shuningdek ilm-fan, ta’lim, ma’rifat hamda madaniyat va san’atni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa faoliyat sohasida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan homiylik faoliyati.

Metsenatlik faoliyati doirasida metsenatlar tomonidan beg‘araz yoki imtiyozli shartlar asosida metsenatlik ko‘magini oluvchilarga beriladigan mol-mulk, shuningdek ular uchun bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar va qo‘llab-quvvatlashning boshqa turlari metsenatlik ko‘magi bo‘lishi mumkin.

Davlat tomonidan metsenatlarga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hamda tariflar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalar berilishi mumkin. Shuningdek, metsenatlar davlat mukofotlari yoki boshqa mukofotlar bilan taqdirlanishi, ularning nomlari abadiylashtirilishi mumkinligiko‘zda tutilgan.

Avvalroq Senat matbuot xizmati metsenatlik faoliyatini homiylik yo‘nalishlaridan biri ekani, unga nisbatan «Homiylik to‘g‘risida"gi qonunda ko‘zda tutilgan hamda O‘zbekiston Soliq kodeksining 159, 211, 308 va 324-moddalari belgilab qo‘yilgan imtiyozlar taalluqli ekanini ma’lum qilgan edi.

Avval xabar qilinganidek, «Metsenatlik to‘g‘risida"gi qonunning dastlabki loyihasida metsenatlarni rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlar o‘rin olgan edi. 1000 dollardan boshlanadigan homiylik yordamlarining soliqqa tortiladigan bazasidan 75 foizi, biroq har yillik soliqqa tortiladigan daromadning 15 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib qolish imkoniyatini berish taklif etilgan edi. O‘zbekistonning milliy qadriyati hisoblangan ko‘chmas mulk yoki madaniy qimmatliklar taqdim etilgan taqdirda, metsenat uchun soliqqa tortilmaydigan daromad miqdori 35 foizgacha oshirilishi mumkin edi.