O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurib, qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida ishtirok etdi.

Qur’on tilovat etilib, xalq ozodligi uchun fido bo‘lgan insonlar haqiga duo qilindi. An’anaga ko‘ra, elga osh tortildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Fidoyi va vatanparvar bobolarning hayoti va merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirishga katta e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Mamlakatdagi tinchlik, erkinlik va to‘kinlikning qadriga yetish, diling Ollohda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin degan g‘oyaga amal qilib, hamma sohalarni rivojlantirishga intilish, yoshlarni keng dunyoqarashli, vatanparvar insonlar qilib tarbiyalash muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, ozodlik, Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar vakillari ham monument poyiga gullar qo‘ydi.