2017 yildan buyon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan butun mamlakatda aholining himoyaga muhtoj qatlamlarining arzon turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun arzon uy-joylar qurilishi boshlandi. 2018−2019 yillarda Toshkentning Sergeli tumani «Choshtepa» mahallasi hududida 72 ta ko‘p kvartirali uylar qurilishi ana shunday loyihalardan biridir.

Ko‘pchilik aholi uchun «hammabop» tushunchasi imtiyozli ipoteka yoki, hattoki, turar joyning mulkka egalik huquqisiz turar joydan foydalanish huquqi bilan beg‘araz topshirilishi degan ma’noni anglatadi. Biroq nogironligi bo‘lgan insonlar uchun «hammabop» so‘zi birinchi navbatda atrof-muhitning jismonan qulay bo‘lishi demakdir.

23 iyul kuni butun mamlakat bo‘ylab 26 ta nogironlar tashkilotini birlashtirgan O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi «Jamoat nazorati to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, «Choshtepa» mahallasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar yashashi uchun maxsus qurilgan yangi arzon turar joylar monitoringini o‘tkazdi.

Monitoring jarayonida videoreportaj tayyorlandi, o‘quvchilarimizga uni albatta tomosha qilishni tavsiya etamiz.

YouTube orqali tomosha qilish

Monitoring yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun, sanitariya-gigiyena va qurilish normalari, jumladan «Aholining bolalar va katta yoshli nogiron va harakatlanishi cheklangan guruhlari foydalanadigan turar joy va jamoat binolarini loyihalashtirish va qurish» (SanPiN№0266−09), «Nogironlar va aholining harakatlanishi cheklangan guruhlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda hayotiy faoliyat muhitini loyihalashtirish» Shaharsozlik normalari va qoidalari (2.07.02.-07) va boshqa talablarga rioya etilmagani aniqlandi.

To‘siq: yaroqsiz pandus

Nogironlik aravachasidan foydalanuvchi kishi asosiy to‘siqqa darhol — pod’ezdga kirishdayoq duch keladi. Birinchi bo‘lib taxlanuvchi pandus gaykasini aylantirish kerak bo‘ladi. Biroq nogironlik aravachasidan mustaqil foydalanuvchi inson yolg‘iz bo‘lsa, buni qanday amalga oshira oladi? U xohlagan taqdirda ham pandusni mustaqil o‘zi tushira olmaydi.

So‘ngra 30 darajadan yuqori bo‘lgan qiyalikdagi pandus orqali yuqoriga ko‘tarilish kerak. Nogironlik aravachasi kengligi pandus relslari kengligiga mos tushmaslik ehtimoli ham yo‘q emas. Ko‘rinib turibdiki, o‘zgalar yordamisiz nogironlik aravachasida bunday «pandus» orqali tushish yoki ko‘tarilish mutlaqo imkonsiz.

SanPiN №0266−09 bo‘yicha pandusning ruxsat berilgan burchagi pandusning har bir marshi balandligi 1:12 burchaklikda (8 foiz yoki 4,76 daraja) 0,6 metrdan oshmasligi kerak. 0,2 metr balandlikda — 1:10 (10 foiz yoki 5,71 daraja). Pandusning ko‘ndalang burchagi 1:50 dan oshmasligi kerak.

Pandusning qiyaligi — pandus yaroqliligining asosiy mezoni hisoblanadi. Agarda qiyalik 8 foizlik (4,76 daraja) normativ ko‘rsatkichdan oshsa, nogironlik aravachalari foydalanuvchilari, bolalar aravachasi bo‘lgan ota-onalar va aholining harakatlanishi cheklangan boshqa guruhlari uchun undan foydalanish xavfsiz hioblanmaydi.

«Mana, shu uyga ko‘chib o‘tganimga ikki oy bo‘ldiki, ko‘chaga bor-yo‘g‘i uch marta chiqdim. Boshqa chiqa olmadim, chunki juda xavfli va qo‘rqinchli. Quyovim yoki boshqa erkak kelsagina chiqishim mumkin — faqat ular meni tushirib, olib chiqishlari mumkin. Ular oldimda bo‘lmasa, shu yerdagi qo‘riqchilardan iltimos qilaman. Juda xavfli. Onam menga yordam berishga jismonan qodir emas. Juda noqulay pandus o‘rnatishgan», — dedi yaqinda «Choshtepa"dagi «arzon» uyga ko‘chib o‘tgan nogironligi bo‘lgan ayol.

Kirib bo‘lmas eshiklar

Har yerda — pod’ezdga kirishda, kvartirada, hojatxonada va yuvinish xonasida — mavjud bo‘lgan to‘siqlar ham tayanch-harakat apparati buzilishlari bo‘lgan insonlar, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar, holsiz odamlar va aholining harakatlanishi cheklangan boshqa guruhlarining mustaqil harakatlanishlariga to‘sqinlik qilmoqda.

«To‘g‘risini aytsam, men hojatxona va yuvinish xonasiga kirishga qiynalaman. Mustaqil ravishda kirib-chiqa olmayman — arava baland ostonadan o‘ta olmaydi. Shu sababli aravachani qoldirib, o‘zim emaklab kirishimga to‘g‘ri keladi. Unitaz ham baland. Shu bois unitaz oldiga menga „tapchan“ qilib berishdi. Men undan foydalanaman. Vanna ham juda baland va noqulay», — deydi I guruh nogironi bo‘lgan istiqomatchi ayollaridan biri.

SanPiN №0266−09 talablari bo‘yicha binoga kirish va bino eshiklarining kengligi 0,9 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Biroq nogironligi bo‘lgan ayolga maxsus ajratilgan kvartirada bunga amal qilinmagan. Hojatxona va vanna eshining kengligi 0,6 metr, eni 0,7 metr bo‘lgan standart nogironlar aravasi foydalanuvchisi xonaga kira olmaydi. Bunday holatda inson vanna va hojatxonaga qanday kirishi mumkin?

O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi o‘rinbosari Farhod Abdurahmonov kengligi 70 sm bo‘lgan standart nogironlik aravachasi bilan hojatxona va yuvinish xonasiga kira olmadi. Eshik kengligi — 60 sm. Muallif fotosi.

Bundan tashqari, 2.08.01−05 «Turar joy binosi» shaharsozlik normalari va qoidalarida nogironlik aravachasida harakatlanuvchi istiqomatchining ehtiyojlarini hisobga olish majburiy ekani belgilangan. Bu kabi toifalarga mansub odamlarning sanuzellariga unitaz va vannadan foydalanish uchun qulay tutqichlar o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Bunda dush, yuz-qo‘l yuvish chanog‘i va oyna tayanch-harakat a’zolari buzilishi bo‘lgan odam foydalanishi uchun uning imkoniyatlariga mos balandlikka o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.

Avtobus bekatiga qadar bo‘lgan yo‘l

Bizning monitoring guruhimiz eng yaqin avtobus bekatiga yetib olish uchun nogironlik aravachasida 1,4 km masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Bundan nogironlik aravachasi foydalanuvchisi bekatga qadar mustaqil yetib bora olmasligi ma’lum bo‘ladi, chunki qattiq va tekis qoplamaning o‘zi yo‘q.

SanPiN №0266−09 keksalar va nogironlik aravachasidagi nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan kvartiralar bo‘lgan uylardan piyoda borish mumkin bo‘lgan radiusda kundalik ehtiyojlar korxonalari va 200 metrdan ortiq bo‘lmagan masofada jamoat transporti bekatlarini o‘rnatish majburiyatini yuklaydi.

Quvontiradigan holatlar ham bor. Yangi uylarda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun ayrim sharoitlar yaratilgan: lift tugmachalariga Brayl yozuvida qavatlar raqamlari tushirilgan.

Shu bilan hammasi tamom, xo‘sh, nogironligi bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan uylarni loyihalashtirishda qolgan norma va qoidalar nima uchun hisobga olinmagan? Agarda uylarning kirishi va liftlar piyodalar yo‘laklari bilan teng darajada joylashtirilganida, pod’ezdga pandus o‘rnatishga hojat ham qolmas edi.

Boshidanoq loyihada pod’ezdga va kvartira ichidagi xonalarga kirishda to‘siqsiz texnologiyalar ko‘zda tutilganida, sanuzel eshiklari kengroq bo‘lganida…

Nima uchun me’yor va qoidalarga rioya etilmadi?

Vazirlar Mahkamasining «Choshtepa» mahallasida 72 ta «arzon» uylarni qurish to‘g‘risidagi qarori loyihasida bosh loyihaviy tashkilot sifatida Tashkent City loyihasini amalga oshirishda ishtirok etayotgan Prime Tower Group MCHJ ko‘rsatib o‘tilgan. Hujjatda, shuningdek, Whitecity Construction MCHJ bosh pudratchi etib belgilangan. Muallif mazkur tashkilotlar bilan bog‘lana olmadi.

«Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslar tashrif buyuradigan ob’ektlar loyihalari O‘zbekiston nogironlar uyushmasi bilan kelishilishi lozim. Muallif «Choshtepa» mahallasidagi 72 ta uy loyihasi kimlar bilan kelishilganini aniqlash uchun Nogironlar uyushmasining Toshkent shahar bo‘limiga murojaat qildi. Bo‘lim boshlig‘i Feruza Vosiqova hech kim «Choshtepa» mahallasidagi loyihani kelishish uchun murojaat etmaganini ma’lum qildi.

«Avvallari har juma kuni meni Toshkent Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga chaqirishar edi. Oldimizga eskizlar qo‘yishar hamda yong‘in xavfsizligi, favqulodda vaziyatlar organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, bizning Nogironlar uyushmamiz loyihani tasdiqlar edik. Biroq so‘nggi vaqtlarda loyihalarni Vazirlar Mahkamasi qarori bilan „yagona darcha“ orqali kelishadigan bo‘lishdi va meni boshqarmaga chaqiray qo‘yishdi», — deya izoh berdi Feruza Vosiqova.

Muallif nima sababdan qurilish loyihalarini kelishishga nogironlar jamiyatlarini jalb qilish to‘xtatilgani hamda nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallab qurilgan loyiha qanday qilib tasdiqdan o‘tganiga aniqlik kiritish uchun Toshkent Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga murojaat qildi. Bosh boshqarma loyihalashtirish bo‘limi boshlig‘i Abduhalim Shohidov Sergeli tumani «Choshtepa» mahallasi O‘zar ko‘chasi bo‘yidagi kam ta’minlangan oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan 72 uy loyihasi kim bilan kelishilgani haqidagi savolga: «Bu loyiha bizga taalluqli emas», — deya javob berdi.

Sergeli tuman qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Raufjon Usmonaliyev esa Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining vazifasiga 300 kv. m dan ortiq hajmdagi qurilish loyihalarini Shaharsozlik normalari va qoidalari hamda Qurilish normalari va qoidalariga muvofiq ekanini tekshirishdan iborat ekanini ma’lum qildi. Biroq qurilish ob’ekti Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq amalga oshirilsa, loyiha qarorda ko‘rsatilgan boshqacha tartibda kelishuvdan o‘tkazilishi mumkin.

Avvallari qurilishga oid loyihaviy hujjatlarini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 7 iyundagi 110-sonli qarori hamda 1.03.01−08 Shaharsozlik normalari va qoidalari asosida olib borilgan. Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi loyihalarni kelishish va tasdiqlash uchun har hafta tegishli idoralar, jumladan O‘zbekiston Nogironlar jamiyati taklif etilgan texnik kengashga chaqirilgan. Biroq 2018 yil 20 fevralda qaror o‘z kuchini yo‘qotgach, texnik kengash ham chaqirilmay qo‘yganga o‘xshaydi.

Uning o‘rniga Vazirlar Mahkamasining «Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori keldi. Asosiy yangilik loyiha-smeta hujjatlarini kelishish faqatgina Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi bo‘ldi.

«Yagona darcha» haqida so‘zlagan Feruza Vosiqova, ehtimol, aynan loyihalarni kelishishning ushbu yangi tartiblarini nazarda tutgan. Nima bo‘lganda ham, Arxitektura va qurilish bosh boshqamasi huzuridagi O‘zbekiston nogironlar jamiyati ishtirok etuvchi texnik kengash o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi kerak edi. Zero Nogironlar jamiyati bilan kelishilmagan qurilish loyihalari «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga ziddir.

Faqatgina qog‘oz va so‘zdagi qulaylik

Bu masalalarning barchasi 2018 yil 30 iyuldagi «Munosabat» teleko‘rsatuvining nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimiga bag‘ishlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirida ko‘tarilgan edi. O‘sha yerda Sergeli tumanida yangi qurilgan binolarning jismoniy tomondan noqulay ekani haqidagi videorolik namoyish etildi. Biroq o‘tgan bir yil davomida vaziyat o‘zgarmadi. Loyihalashtiruvchilar va pudratchilar qulaylikka aloqador qurilish normalari va qoidalarini inkor qilishda davom etmoqda.

Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi 5270-sonli farmonida Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi hamda boshqa idoralarga ob’ektlarni loyihalashtirish va qurishda arxitektura-qurilish nazoratini kuchaytirish bo‘ycha choralarni ko‘rish, shuningdek, ularning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayligini ta’minlash bo‘yicha talablar ustidan javobgarligini so‘zsiz ta’minlash topshirildi.

2018 yil 1 martga qadar yuqorida tilga olingan tashkilotlar nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari ishtirokida nogironligi bo‘lgan shaslar uchun qulay muhitni ta’minlash davlat dasturini ishlab chiqish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqishi lozim edi. Biroq qaror loyihasi Qurilish vazirligi tayyorlagan hujjat talablarga javob bermagani sababli ko‘rsatilgan muddatlarda tasdiqlanmadi.

«Birorta ham nogironlar jamoat tashkiloti qaror loyihasini ishlab chiqish jarayoniga jalb etilmadi. Qurilish vazirligi ishlab chiqqan hujjat bor-yo‘g‘i to‘qqiz banddan iborat edi. Nogironligi bo‘lgan odamlar uchun qulay muhitni ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi to‘qqiz banddan iborat bo‘ladimi axir? Masalan, Rossiyaning xuddi shunday davlat dasturi 100 ga yaqin sahifadan tashkil topgan», — deydi O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi raisi Oybek Isoqov.

«Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning ijtimoiy infratuzilmalarni yaratish hamda ishlab chiqarishda nogironlarning ehtiyojlarini hisobga olish bo‘yicha 9-moddasi talablari qoniqarsiz bajarilayotganining sabablaridan biri shundaki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qonunchilik talablarini bajarish ustidan nazoratdan manfaatdor emas.

«Qulaylikni ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun iqtisodiy javobgarlik nazarda tutilgan. Va olingan jarimalar qulay muhitni yaratishga sarflanishi lozim. Biroq ushbu mablag‘lar hozirda Moliya vazirligi hisobiga o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida rag‘bat yetarlicha emas. Nazoratni mahalliy hokimliklar amalga oshirishi hamda ushbu jarimalar mahalliy byudjetga yo‘naltirilishi uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi lozim», — deya taklif qildi Oybek Isoqov.

Passiv fuqarolik jamiyati va partiyalar

Ko‘rinib turibdiki, qurilish loyihalarini Nogironlik jamiyati bilan kelishish va tasdiqlash mexanizmi ishlayotgani yo‘q. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulaylikni ta’minlash muammosida tanganing ikki tomoni bor. Bir tomondan tegishli vazirlik va idoralar loyihachilar va pudratchilar bilan birgalikda loyihalashtirish va qurishda qulay muhit normalari va qoidalariga rioya etishga o‘ta mas’uliyatsizlik bilan qaramoqda. Ikkinchi tomondan esa nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlarining o‘zlari ham passivlik qilmoqda — qulaylik bo‘yicha talablarning ado etilishi ustidan nazoratni amalga oshirayotgani yo‘q.

Ko‘plab nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilmalar va transportda qulaylik huquqi kafolatlangani to‘g‘risidagi xabardorligi juda past darajada va zaif fuqarolik pozitsiyasini ifoda etmoqda. Aksariyat holatlarda nogironlar jamiyatlari o‘z faoliyatini faqatgina xayriya faoliyati — oziq-ovqat mahsulotlari, pul, kiyim va boshqalarni tarqatish bilan cheklamoqda. Bu nogironligi bo‘lgan insonni faol va tanqidiy fikrlovchi fuqaro emas, balki passiv xayriya oluvchisiga aylantirmoqda.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lganlar tashkilotlarining ijtimoiy faolligi yetarlicha emasligining yana bir sababi bu kabi tashkilotlarning rahbarlari ko‘p hollarda nogironligi bo‘lmagan odamlardan emas. Xalq orasidagi: «Tabib tabib emas, boshidan o‘tgan tabib» degan maqol bejiz aytilmagan. Hattoki nogironligi bo‘lmagan odamni nogironlik aravachasiga o‘tirg‘izib, «arzon» uyning pandusi bo‘ylab aylantirsangiz ham unga tahqirlashning butun boshli zalvorini his ettirishning imkoni yo‘q — chunki u xayolida aminki, bir necha daqiqadan so‘ng aravachadan tura oladi.

«Siyosiy partiyalar saylovoldi kampaniyalari doirasida nogironligi bo‘lgan odamlardan „jonli emblema“ sifatida foydalanadi va va’dalar beradi. Nogironligi bo‘lgan odamlardan partiya obro‘sini ko‘tarish ob’ekti sifatida foydalanishadi, biroq ularga partiyaning qolgan a’zolari kabi teng huquqli sub’ekt sifatida qaralmaydi», — deb hisoblaydi O‘zbekiston Ko‘rlar jamiyati markaziy boshqaruvi yetakchi mutaxassisi Ulug‘bek Mamatxonov.

«Bu ayni paytda Oliy Majlis yoki xalq deputatlari kengashlarining birorta ham deputati nogironligi bo‘lgan odamlardan emasligida ham o‘z aksini topgan. Axir deputatlar deputatlik so‘rovi orqali qulaylik bo‘yicha qonunchilik talablari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishlari mumkin», — dedi u.

«Arzon» uylarni qanday qilib haqiqatdan ham hammabop qilish mumkin?

Toshkent hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda nogironlikning turli shakllari bo‘lgan 70 ming kishi, shuningdek 300 ming nafar keksa yoshdagi fuqarolar istiqomat qilmoqda. Ulardan tashqari, shahar infratuzilmasidan aholining harakatlanishi cheklangan toifasiga mansub bolalar aravachasidan foydalanuvchi ota-onalar ham foydalanadi. Biroq 85 foiz bino va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari ularning har kunlik foydalanishi uchun yaroqsiz holda qolmoqda.

«Toshkentda yashovchi 90 foiz nogironligi bo‘lgan odamlar „uy qamog‘i“ ostida qolmoqda va ushbu uy qamoqlari hukmi sud qarori bilan emas, ular uchun qulay jismoniy muhitni yaratib bermagan jamiyatimiz tomonidan qabul qilindi», — deydi Oybek Isoqov.

Nogironligi bo‘lgan odamlarning Sergeli tumanining uzoq burchaklaridagi transport infratuzilmasi rivojlanmagan, ular uchun noqulay uylarga joylashtirilishi o‘ziga xos segregatsiya hisoblanadi. Uylar chiroyli, mobil yashovchilar uchun yaxshi sharoitli bo‘lishi mumkin, biroq agarda yolg‘iz ayol nogironlar aravachasida o‘z pod’ezdidan tashqariga bir oyda bir-ikki martagina chiqa olsa, ijtimoiy inklyuziya haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Yoki bu uylar nogironligi bo‘lgan odamlar uchun «oltin qafas» vazifasini bajarishi kerakmi?

Prezident nafaqat Sergeli tumanida, balki Toshkentning boshqa tumanlarida ham «arzon» uylarni qurishga topshiriq bergan edi. Nogironligi bo‘lgan odamlar shoxona sharoitlar bo‘lishini talab qilmaydi. Ularga bor-yo‘g‘i o‘z uyi va o‘z shahrida erkin harakatlanishlari uchun bazaviy ehtiyojlari qondirilishi kerak xolos. Bunda «arzon» uylar nafaqat qulay bo‘lishi, balki shaharning barcha infratuzilmalari qonunda belgilangan tartibda harakatlanishi cheklangan fuqarolar ehtiyojlarini qanoatlantirishi lozim.

Qulaylikni ta’minlash sohasida qonunchilik talablarini amalga oshirish bo‘yicha asosiy yechimlardan biri qurilayotgan yangi binolar hamda nogironlar jamoat tashkilotlari inshootlari loyihalari majburiy kelishuvdan o‘tkazilishini joriy etishdan iborat. Kelishuv jarayoniga nafaqat O‘zbekiston nogironlar jamiyati, balki Ko‘rlar jamiyati, Karlar jamiyati va boshqa nogironlar jamiyatlari ham jalb etilishi lozim. Arxitektura va qurilish sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha YADIXPni joriy etgan holda kelishuv mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish zarur.

Butun mamlakat bo‘ylab nodavlat notijorat tashkilot (NNT) maqomiga ega 70 dan ortiq nogironlar jamoat birlashmalari ro‘yxatga olingan. Biroq ularning tashkiliy salohiyati va mavjud ishlash uslublari jamoat nazorati va ijtimoiy hamkorlik funksiyalarining samarali bajarilishiga imkon bermaydi. Mavjud jismoniy qulaylik muammosini hal etish uchun xayriya faoliyatidan huquqni muhofaza qilish faoliyatiga o‘tish vaqti keldi. Bino va inshootlarining davlat tomonidan qabul qilinishi jarayoniga nogironligi bo‘lgan odamlar tashkilotlarini majburiy tartibda kiritish zarur.

Qulaylik BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Qulay atrof-muhitni ta’minlamasdan turib nogironligi bo‘lgan odamlarga mustaqil hayot tarzini yuritishlari hamda jamiyat hayotining barcha jabhalarida har tomonlama ishtirok etish imkonini taqdim etish mumkin emas.

Davlat nogironligi bo‘lgan odamlarning milliy qonunchilik va me’yoriy hujjatlarda mustahkamlangan qulay muhitga bo‘lgan huquqlari amalga oshishini kafolatlaydi. Agarda aholi mavzularini nogironligi bo‘lganlar va bo‘lmaganlar uchun ajratib, qulayliklar uchun mablag‘ ajratishdan tejasak, buning badali og‘ir va achchiq bo‘ladi va buni faqatgina pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Mullif fikri tahririyat fikri bilan mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov

Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Rivojlanish muammolarini o‘rganish instituti doktoranti, «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi.