Shaharliklar kvartiralari va korxonalardan chiqqan oqava suv qayerga boradi? Ehtimol, Toshkent kabi zamonaviy va rivojlangan megapolislarda oqava suvlar tozalanib, shundan keyingina daryo va anhorlarga oqizilishi lozim.

Bu nazariy jihatdan. Bo‘zsuv kanali oqimi bo‘ylab Toshkentning quyi qismiga tomon yo‘lingiz tushsa, vaziyat aslida qanday ekaniga guvoh bo‘lasiz. Bo‘zsuv suv emas, insonlar va sanoat chiqindilari oqadigan anhorga aylangan. Bunday manzaralarni oxirzamon haqidagi ilmiy-fantastik kinolardagina ko‘rishingiz mumkin. Kanaldan tarqalayotgan achimsiq hidga chidab bo‘lmaydi.

Toshkent toza suvni shaharning yuqori qismida Bo‘zsuv kanalidan o‘z suv taqsimlash tizimlariga qabul qilib oladi. Biroq yaxshilikka yomonlik bilan javob beradi — poytaxtdan chiqishda kanal suvi bulg‘anmoqda. Poytaxtdan keyin Sirdaryoga quyilguncha bo‘lgan 60 km masofada uning suvidan Toshkent viloyati aholisi foydalanadi, iste’mol qiladi. U 10 dan ortiq aholi punktlariga sug‘orish va maishiy ehtiyojlar uchun asosiy manba hisoblanadi.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan Bo‘zsuv kanaliga oqava suvlari quyilayotgan joy. Skrinshot: Yandeks.Xarita.

Nurafshon qo‘rg‘onidan bir oz yuqoriroqda, Toshkentdan 4 km g‘arbda Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi joylashgan. Qirg‘oqdan chiqib turgan ikkita quvur orqali oqava suvlar Bo‘zsuv kanaliga quyiladi. Stansiya 1962 yilda qurilgan. Uning amaldagi quvvati — kuniga 750−770 ming kub metrni tashkil etadi. Bu Toshkent kanalizatsiya oqava suvlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i demakdir. Qolgan qismi aeroport yaqinidagi Salor stansiyasi va Chirchiqdagi Bektemir inshootiga to‘g‘ri keladi.

Aeratsiya stansiyalarining ishlash uslubi anchagina murakkab. Cuvni tozalashda aeratsiya, faollashtirilgan loy, filtrlar, tindirish inshootlaridan foydalaniladi. Ideal holatda tozalovdan o‘tkazilgan suv kanalning ekologik holatiga zarar yetkazmasligi kerak. Biroq «Suvsoz» DUK o‘z saytida tan olishicha, Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasida tozalash samaradorligi bor-yo‘g‘i 52 foizni tashkil etadi. Aslida esa vaziyat bundan ham yomonroqqa o‘xshaydi.

YouTube orqali tomosha qilish

«Gazeta.uz» O‘zgidrometdan olgan ma’lumotlarga ko‘ra, kanaldagi suv sifati toza suv toifasidan o‘rtacha ifloslangan suv diapazonida. Toshkentning yuqori hamda quyi qismida uning sifatida katta o‘zgarish sezilmaydi. 2019 yilda ruxsat berilgan konsentratsiyalar me’yorining tizimli ravishda oshishi faqatgina neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgani kuzatildi.

Ammo Nurafshon qo‘rg‘onchasida Bo‘zsuv qirg‘og‘ida turar ekansiz, suvning «o‘rtacha darajada» ifloslanganiga ishongingiz kelmaydi. Istiqomatchilar va xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, tozalanmagan oqava suvlar maxfiy ravishda kechalari chiqarilmoqda.

Sut daryosi

Kanal yoqasida anchadan buyon iflosliklardan aziya chekib kelayotgan Zangiota tumani Nurafshon qo‘rg‘onidan bo‘lgan istiqomatchilarni uchratdik. Ularning aytishicha, muammolar taxminan 1995 yildan boshlangan. Hamon shunday og‘ir sharoitda yashab kelinmoqda.

Kanalning Bo‘zsuv stansiyasidan oqava suv chiqarilguncha (chapda) va chiqarilgandan keyingi (o‘ngda) holatlari. 2019 yil 8 avgust. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

"Bolaligimizda shu kanalda cho‘milardik. Hozir qo‘lingizniyam yuva olmaysiz. Tekshiruvga kelishsa, kanal biz oz toza bo‘ladi, xlor tashlashadi. Xo‘jako‘rsin uchun", — deydi kanal yoqasidagi uylardan birida yashovchi fuqaro. «To‘y qilgan vaqtim stansiyadan hech bo‘lmasa ikki kunga oqava suvlarni tashlamaslikni iltimos qildim. Mehmonlar hid sababli kelishni xohlashmadi, uyatli. Hasharotlar, chivinlar, o‘rgimchaklar tarqalgan», — deya qo‘shimcha qiladi qo‘shnisi.

Hududdagi «Namuna» mahallasi mutaxassisi Saodat Niyozovaning so‘zlariga ko‘ra, birorta ham shikoyat bilan muammo hal etilmadi: «Ikki yil avval prezidentga xat yozdik, natija bo‘lmadi. Hokimiyatda uchrashuv bo‘ldi. Davlat ekologiya qo‘mitasidan kelishdi. Hammasi yaxshi deyishdi. Televideniyedan ham kelishdi. Bolalarimiz muttasil kasal bo‘ladi, kechasi hid dastidan eshiklarni ochib bo‘lmaydi».

Istiqomatchilarning tasdiqlashlaricha, kechalari, taxminan yarim tundan, stansiya ko‘p miqdordagi suvni chiqarishni boshlaydi va hidiga mutlaqo chidab bo‘lmay qoladi. Bu kabi suv chiqarilishlarini ishdan bo‘shatilishidan qo‘rqib o‘zining kimligi oshkor qilinmasligini iltimos qilgan Bo‘zsuv stansiyasi xodimi ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, cho‘kindi jinslar to‘lib qolgani sababli suvni tozalamasdan chiqarib tashlashga to‘g‘ri kelmoqda.

«Agarda suv chiqarib tashlanmasa, u toshib ketadi. Ortiqchasini chiqarib tashlashga to‘g‘ri kelayapti. Asosan kechalari ochiladi. Bu dam olish kunlari soat 9 dan keyin amalga oshiriladi. Tartibga ko‘ra, faqatgina avariyaviy holatlarda ochilishi kerak. Biroq tez-tez ochamiz. Komissiya kelganda yopamiz», — dedi u.

U stansiya xodimlari ish vaqti tugaganidan keyin majburiy mehnatga jalb qilinishi, beton quyish, suv tortish va chiqindilar maydonchasini tozalashidan ham shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech kim shikoyat qilmaydi va bo‘shashdan qo‘rqib bosh tortmaydi.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasidan suv chiqarilishi. 2019 yil 8 avgust. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Kiselli qirg‘oq

«Suvsoz» mutaxassislari va olimlarning fikricha, ular Bo‘zsuvning ifloslanishida aybdor emas. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hamma gap shahar korxonalarida tozalash inshootlarining mavjud emasligida.

«Tozalash inshootlarining me’yorida va uzluksiz ishlashi oqava suv qurilmalariga tushayotgan suvlar sifatiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Toshkent tozalash qurilmalariga tozalash qurilmalari loyihalarida va oqava suvlarni qabul qilish qoidalarida ko‘zda tutilmagan oqava suvlar kelib tushmoqda. Korxonalar yetarlicha tozalanmagan oqava suvlarni tashlashda davom etar ekan, shahar inshootlari me’yoridagi tartibda ishlay olmaydi», — dedi «Suvsoz» mutaxassisi Nina Pikul.

«Asosiy muammo shundaki, aeratsiya stansiyasi maishiy oqava suvlarni tozalash uchun mo‘ljallangan. Biroq bizga sanoat suvlari ham kelib tushmoqda. Ularda zaharli moddalar mavjud bo‘lib, faollashtirilgan loy ularni tutib qola olmaydi. U o‘lmoqda», — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston Milliy universiteti amaliy ekologiya bo‘limi ilmiy xodimi Natalya Akinshina.

Toshkentda korxonalar oqava suvlarini tozalash bilan bog‘liq vaziyat inqiroz yoqasida. «Suvsoz» hisobida shahar kanalizatsiya tarmoqlariga oqava suvlarni yetarlicha tozalamasdan turib chiqarib yuborayotgan 600 ta korxona mavjud.

Qoidabuzarlar orasida — GOLD DRIED FRUITS, Asklepiy swift, «Bektemir spirt», «Charm Ator», «Charm Nur invest», chorva va parranda kushxonalari, qog‘oz ishlab chiqarish korxonalari va boshqalar mavjud, deya xabar qildi «Suvsoz».

"243 ta korxonaga tozalash inshootlari o‘rnatilgan, biroq ular to‘liq ishlamaydi va suvni zarur darajada tozalayotgani yo‘q. Avtomobil yuvish shoxobchalaridagi tindirish inshootlari noto‘g‘ri qurilgan va kerakli samarani bermaydi. GM va «VCHD2″ zavodlarida tozalash inshootlari tozalashning zarur darajasini berayotgani yo‘q», — dedi Nina Pikul.

Yetarlicha tozalanmagan oqava suvlarni chiqarayotgan korxonalar tovon pullarini to‘lamoqda. Bundan tashqari, «Suvsoz» o‘ta xavfli qonunbuzarlar faoliyatini to‘xtatdi, biroq qisqa muddatga. O‘zbekiston qonunchiligida tasdiqlangan me’yorlardan ortiq darajada ifloslangan oqava suvlarni chiqaruvchi korxonalar faoliyatini to‘xtatishga imkon beruvchi moddalar mavjud emas.

Muallif suhbatlashgan ekologlarning tasdiqlashlaricha, korxonalarga oqava suvlarni tozalashdan ko‘ra jarima to‘lagan foydaliroq.

Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasi yaqinidagi iflos suv. 2019 yil 8 avgust. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Yana bir muammo ham borki, u ekologik inqiroz sari eltmoqda. Tozalash inshootlari shahar aholisi va korxonalar chiqarayotgan oqava suvlarini tozalashning uddasidan chiqa olmayotgan bir vaqtda, Toshkentda yangidan-yangi yashash mavzelari va sanoat zonalari barpo etilmoqda. Hozirgi quvvatlar bilan ularning ham oqava suvlarini qayta tozalash deyarli imkonsiz.

«Shahar o‘smoqda. Tozalash inshootlarining samaradorligi endi yetarli emas. Ularni butunlay modernizatsiya qilish lozim», — dedi O‘zbekiston Milliy universiteti amaliy ekologiya bo‘limi rahbari Azamat Azizov.

Kredit mablag‘lari

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, Bo‘zsuv va boshqa stansiyalar yaqinda modernizatsiya qilingan. Jarayon 2014 yilda tugagan. Mahalliy aholi bu haqda eshitgan, biroq hech qanday farqni sezmagan. Keling, hujjatlarga murojaat qilamiz.

2010 yilning dekabrida Islom banki ishtirokida Toshkent kanalizatsiya tizimlarini takomillashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori(PQ-1443) qabul qilingan. Modernizatsiya ishlariga ITB 35,37 mln dollar ajratgan.

Ushbu mablag‘larning 12,9 mln dollari Bo‘zsuv aeratsiya stansiyasiga sarflangan. Biroq undan qanday samara bo‘ldi, axir kanal iflos holida qoldiku?

«Rekontruksiya o‘tkazilayotgan vaqtda eski uskunalar avtomatlashtirilgan va kamroq energiya talab qiluvchi yangilariga almashtirildi. Yangi uskunalar o‘rnatilganidan keyin inshootdan foydalanish samaradorligi va oqava suvlarni tozalash sifati yaxshilandi», — dedi Nina Pikul.

«Suvsoz» ma’lumotlariga ko‘ra, inshootning ishlash samaradorligi rekonstruksiyagacha 55 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni vaqtda bu ko‘rsatkich 75 foizga yetgan. Ayni vaqtda, stansiya xodimlarining ta’kidlashicha, yangi uskunalar zarur darajada ishlayotgani yo‘q.

«Stansiyaga Xitoy uskunalari o‘rnatilgan edi. U bir yil ishladi, keyin buzildi. Biz yana sovet davri uskunalariga qaytdik. Bizga hammasi pult bilan boshqariladi, avtomat bo‘ladi, deyishgandi. Biroq biz baribir qo‘lda ishlayapmiz. Yangi uskunalar suvda chiqindilar, lattalar, qum, hatto taxtalar bo‘lgani uchun ishdan chiqdi. Nasoslar tiqilib qolgan», — dedi Bo‘zsuv stansiyasi xodimi.

Eng qiziqarlisi, ITB bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, mamlakatimiz ushbu kreditni 2025 yilgacha bankka to‘lashi kerak va har yili 2,9 mln dollardan to‘lab borilmoqda.

«Suvsoz» rekonstruksiyaga ajratilgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagani va yangi investitsiyalarga ehtiyoj borligini qayd etdi. Istiqbolda stansiya quvvatini soniyasiga 100 kub metrga oshirish uchun 75 mln dollar hamda tindirgichlar rekonstruksiyasiga 696 ming dollar zarur.

Bo‘zsuv kanali Nurafshon qo‘rg‘onchasi yaqinida. 2019 yil 8 avgust. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Teshik tog‘ara

Vaziyatni o‘rganganimizdan so‘ng ikki asosiy muammo yuzaga chiqdi:

1. Hozirgi ekologik qonunchilik va jarayonlar mutlaqo yaroqsiz. Statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, korxonalar o‘z oqava suvlarini tozalash bilan shug‘ullanayotgani yo‘q. Buning uchun jiddiy jazo choralari ko‘zda tutilmagan. «Gazeta.uz"ning o‘zbekistonlik ekologlar orasidagi axborot manbalari oqava suvlar nazorati sohasida korrupsiya holatlari mavjud ekanini xabar qildi.

Ko‘rinib turibdiki, bu yerda jiddiy siyosiy irodaga ehtiyoj sezilmoqda. Aks holda tadbirkorlar mamlakatdagi kichik suv zaxiralarini zaharlashda davom etaveradi. Darvoqe, yaqinda e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda suv taqchil bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatida 25-o‘rinni egalladi. Bundan-da jiddiyroq muammo bormikan?

2. Shahar tozalash inshootlarini tubdan modernizatsiya qilish va yangilarini qurish zarur. Axir Toshkent aholisi 4 million kishiga yaqinlashib bormoqda. Shaharning kanalizatsiya inshootlari esa 1960-yillarda qurilgan. Ular mavjud oqava hajmlarini tozalay olmaydi.

Agarda ushbu muammo hozir hal etilmasa, oradan 10−20 yil o‘tib Toshkentning quyi qismida daryo va kanallar oqimida joylashgan tumanlar qishloq xo‘jaligi va qulay yashash uchun yaroqsiz holatga kelib qoladi.

Materialni tayyorlashda Shuhrat Latipov ishtirok etdi.

Nikita Makarenko Jurnalist, prodyuser, musiqachi va dramaturg.