Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 8 avgust kuni Koy-Tash qishlog‘idagi o‘z qarorgohida qo‘lga olindi, deya xabar berdi AKIpress.

Uni qo‘lga olish operatsiyasi 7 avgust kuni boshlandi, biroq sobiq davlat rahbari tarafdorlari maxsus xizmatlarga qarshilik qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum vaqtida bir nafar maxsus xizmat askari halok bo‘ldi, 80 kishi jarohatlandi.

Almazbek Atambayev 2011—2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. Iyun oyi oxirida mamlakat parlamenti uning dahlsizlik maqomini bekor qilib, sobiq davlat rahbariga nisbatan korrupsiya ayblovini ilgari surdi. Atambayevning uch marta so‘roqqa borishdan bosh tortgani maxsus operatsiyaning boshlanishi uchun sabab bo‘ldi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov payshanba kuni Jogorku Kenesh majlisida vaziyatga izoh berdi. «Kechagi kungacha Atambayev guvoh sifatida tergovga taklif qilingan bo‘lsa, endilikda unga nisbatan og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumondor sifatida munosabatda bo‘linadi», — dedi u.