2018 yilda Qarshidagi mehmonxonalardan birida ro‘y bergan qotillik yuzasidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi raisi Sh.Hasanovning «Qashqadaryo» gazetasida chop etilgan maqolasida hikoya qilinadi.

2018 yil oktyabr oyida Qarshi shahridagi nufuzli mehmonxonalardan birida qotillik sodir etilgan edi. Qiziq tomoni, qotil mehmonxonadan qochib chiqib to‘g‘ri prokuraturaga yo‘l olgan va bor gapni o‘zi aytib bergan. Xo‘sh, yosh yigit nega bunday mudhish jinoyatga qo‘l urdi? Surishtiruv jarayonida jinoyatning sodir etilishiga zamin yaratgan holatlar bo‘rtib chiqdi.

Asli Koson tumanidan bo‘lgan Fozil Jalilov (maqoladagi barcha ism va familiyalar o‘zgartirilgan-tahr.) oilasi bilan Toshkent shahrida yashasa-da, ish joyi «Koson yog‘-ekstraksiya» AJda edi. U mazkur korxonaning qo‘riqlash bo‘limida faoliyat yuritgan.

Topish-tutishi zo‘r, cho‘ntagi doimo pulga to‘la Fozilning ko‘p vaqti oilasidan tashqarida o‘tar, turli bazmlar, kayf-safo kundalik hayot tarziga aylanib ketgandi. Ana shunday kunlarning birida u Go‘zal ismli ayol bilan tanishib qoladi.

Go‘zal Nodirova Qarshi shahridagi restoranlardan birini boshqarar, bu joy uning otasiga tegishli edi. Oilali, uch nafar farzandning onasi bo‘lgan bu ayol ham o‘yin-kulgi, bazmu jamshidlarga o‘ch chiqib qoldi. Fozilning ikki-uch marta ushbu maskanga kelishiyu, restoran sohibasiga lutf ko‘rsatib, uni dasturxonga taklif etishi bilan o‘rtadagi munosabatlar tobora yaqinlashib boraverdi. Vaqt o‘tib, turli xilvat go‘shalarda bo‘ladigan yashirin uchrashuvlardan o‘zgalar ham xabar topa boshladi. Hatto bu gaplar ayolning otasi, turmush o‘rtog‘i, aka-ukalariga ham yetib bordi. Ular Go‘zalni bu egri yo‘ldan qaytarishga urindi, ammo yoshligidan hech narsaga muhtojlik sezmay, doimo o‘z so‘zini o‘tkazib o‘sgan, hayotni faqat o‘yin-kulgidan iborat, deb bilgan ayolga maslahatlar, do‘q-po‘pisalar ham kor qilmadi. Qaytaga barcha shubhalar, gap-so‘zlarga chek qo‘yish uchun Fozil bilan ochiqchasiga er-xotin sifatida yashay boshladi.

Ana shu yo‘sinda boshlangan muhabbat qissasi oradan uch-to‘rt yil o‘tib zalolatga yuz tuta boshladi. Fozil tez-tez ichib kelar, Go‘zalning esa dardu dunyosi bir olam edi. Yengil-yelpi hayotga o‘rgangan bu kimsalarning hech biri ro‘zg‘or mas’uliyatini zimmasiga olgisi kelmas, arzimas sabablar bilan boshlanadigan tortishuvlar ko‘pgina hollarda katta g‘alva, ur-to‘polon bilan tugardi. Achinarli jihati, farzandlar ham ana shu g‘alvalar orasida o‘sdi. O‘gay otaning haqoratlari, onasiga nisbatan zo‘ravonliklarini ko‘rib katta bo‘lishdi.

2014 yilda Go‘zal Nodirovaning katta o‘g‘li Toshkent shahridagi oliygohlardan biriga o‘qishga kirdi. Bu vaqtda Fozil Jalilov ham korxonadan bo‘shab poytaxtga ketgan, vaqti-vaqti bilan ikkinchi oilasiga ham kelib turardi. U o‘gay o‘g‘lining Toshkentga o‘qishga kirganini eshitgach, ancha vaqtdan buyon ko‘nglining bir chekkasida o‘ylab yurgan rejasini amalga oshirishga kirishdi.

— Mana shu hovlingni sotamiz, — dedi u Go‘zalga. — Puliga Toshkentdan «dom» olib beraman. Menga yaqinroq bo‘lasizlar, barchamiz birga yashaymiz.

Ayol bu taklifga rozi bo‘lgach, uy 49 ming AQSH dollariga sotildi. Ammo Fozil bu pulga kvartira emas, «Prado» rusumli mashina sotib oldi. Go‘zal va farzandlarini esa Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida joylashgan xonadonga olib borib, «Mana shu uy sizlarga, pulini o‘zim to‘layveraman», deb aytdi. Ayol keyinchalik bilsa, ular bu xonadonda ijarada turishgan ekan. Shundan so‘ng yana Qarshiga qaytishdi, janjallar boshlanib ketdi.

Go‘zal Fozildan uyning pulini talab qilar, Fozil esa aksincha shu vaqtga qadar ular uchun sarflagan barcha xarajatlarini hisoblab, ayolga «Yana 35 million so‘m qarzsan, ana shu pulni to‘la, keyin oramiz ochiq», deya udag‘aylardi. Janjallar mavzusiga Go‘zal Nodirovaning qizi — Muxlisaning turmushga chiqish masalasi ham qo‘shilgach, o‘rtadagi alanga yanada olovlana boshladi.

Muxlisa bir yigitga fotiha qilingan, ammo Fozil nima uchundir bu ishga tish-tirnog‘i bilan qarshi turib olgandi. Ayolga to‘yni to‘xtatasan, deya qat’iy shart qo‘ydi, kaltakladi, ammo aytgani bo‘lmagach, ruhiy bosim o‘tkazishga urindi.

— Qizing o‘sha yigitga hech qachon erga tega olmaydi, — dedi u to‘y sanasi yaqinlasha boshlagach. — Mana ko‘rasan, to‘yni buzaman. Yigitlarga aytaman, ertaga to‘y degan kuni qizingni olib ketishadi va sharmandasini chiqarishadi.

Bu gaplarni ayolning kenja o‘g‘li Sarvar ham eshitib turgandi. Haqorat va tahqirlashlarga chiday olmagan o‘smir o‘gay otaga tashlandi, ammo kuchi yetmadi. Akasi Sanjar uyga kelgach, bu haqda unga maslahat soldi.

— Sen aralashma, bu ablahning tanobini o‘zim tortib qo‘yaman, — dedi Sanjar. — U singlimga ziyon yetkaza olmaydi.

O‘sha kuni tanishining to‘yiga borib, shirakayf holda qaytgan Sanjar yarim tunda o‘gay otasiga qo‘ng‘iroq qildi. U shahardagi mehmonxonalardan birida ekan. Sanjar o‘sha mehmonxonaga borib, aytilgan xonaga kirdi. Otasi yana bir notanish yigit va ayol bilan ulfatchilik qilib o‘tirgandi.

Sanjar o‘gay otasiga hamma munosabatlarni to‘liq tugatmoqchi ekanligini aytib, oilasini tinch qo‘yishini talab qildi. Ammo Fozil sheriklari oldida uni masxara qilib, onasining 35 million so‘m qarzi borligi, ana shu pulni to‘lasa tinch qo‘yishini aytdi. O‘rtada janjal kelib chiqdi. Bundan mehmonxona ishchilari xabar topib, IIB xodimlarini chaqirdi. Ular bezorini ichki ishlar tayanch punktiga olib ketib, tegishli tushuntirish o‘tkazgach, qo‘yib yubordi.

Soat tonggi 4:00. Hammayoq jim jit. G‘azabi qaynayotgan Sanjar uyga kelib, oshxona pichog‘ini oldi va yana mehmonxonaga jo‘nadi. U orqa derazadan ikkinchi qavatga yashirincha kirib, tanish xona eshigini taqillatdi. Birozdan so‘ng eshikdan o‘gay otasi mo‘raladi. Fozilning chiqishini kutib turgan yigit darhol uning bosh va qorin qismiga bir necha marotaba pichoq sanchib tashqariga qochdi va to‘ppa-to‘g‘ri prokuraturaga qarab yo‘l oldi.

Fozilning ingrashidan uyg‘onib ketgan tanishi hamda tunni ular bilan o‘tkazgan yengiltak ayol (bir kishi uchun band qilingan xonaga ularning qanday kelib qolgani alohida mavzu) koridorga yugurib, baqirishdi. Shovqin-surondan uyg‘onib ketgan mehmonxona ishchilari yetib kelib, tez yordam va IIB xodimlarini chaqirdi. Ammo bu paytda Fozil Jalilov hayotdan ko‘z yumgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudida Sanjar Berdiyev tomonidan sodir etilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, unga nisbatan 13 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qotil-ku qonuniy jazosini oldi, ammo ana shu jinoyatning sodir etilishiga zamin yaratgan holat kishini tashvishga soladi. Bir ayol va erkakning shaytoniy nafs izmiga tushib, yengil-yelpi orzu-istaklari yo‘lida o‘z oilasiga qilgan xiyonati, faxsh va zino botqog‘iga botishi ana shu voqealarga sabab bo‘lgan aslida. Zotan, ota-onadan na mehr ko‘rgan, na halollik, na oqibatlilikni, na insoniylikni o‘rgangan, umri oilaviy nizolar, urush-janjallar ichida o‘tgan bolaning qo‘lidan jinoyatdan boshqa nima ham kelardi.