Toshkentda “Moskva energetika instituti” (MEI) milliy tadqiqot universiteti filiali ochilmoqda. U dastlabki talabalarni 2019/2020-o‘quv yilidan qabul qilishni boshlaydi, deya guvohlik bermoqda O‘zbekiston prezidentining 4-iyundagi qarori.

Quyidagilar filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • mamlakat energetika tarmog‘i uchun ta’lim dasturlari va oliy ta’lim sifatiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiq yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash;
  • zamonaviy ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va joriy etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini tatbiq etish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • energetika, elektrotexnika, issiqlik texnikasi sohasida fundamental, amaliy ilmiy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, elektr jihozlari va tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish, elektr energetikasi tizimlarining tejamkorligi, ishonchliligi va barqarorligini oshirishga yo‘naltirilgan innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash;
  • shartnoma asosida energetika tarmog‘i tashkilotlarning ehtiyojlarini hisobga olgan va kelishilgan holda talab yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’limi yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

Filial universitetning alohida tarkibiy bo‘linmasi — oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi va kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan va kelishilgan holda bakalavriat ta’limining asosiy yo‘nalishlari (magistratura mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajadagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi.

Filialda ta’lim O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari asosida Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq rus tilida, keyinchalik boshqa tillarda ham amalga oshiriladi.

Filialga qabul kvotalari Energetika vazirligi tashkilotlari, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘zbekgidroenergo” AJ, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning mutaxassislarga nisbatan real ehtiyojini inobatga olgan holda tasdiqlanadi.

Davlat granti asosida ta’lim olgan filial bitiruvchilari besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish uchun respublika energetika tarmog‘i tashkilotlariga taqsimlanadi.