Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Buvayda tumanida nodir metallar, zaharli moddalar, davlat standartiga muvofiq 8-toifadagi xavfli yuklarga kiruvchi simob va simob birikmalarining noqonuniy aylanmasining oldini olishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida fuqaro M.A. sherigi R.A bilan «Neksiya-1» rusumli avtomashinada harakatlanib kelib, fuqaro I.A. ga tegishli bo‘lgan 1 dona shisha idishdagi 620 gramm va 550 dona shisha ampulada 1100 gramm tibbiyotda foydalaniladigan «qizil simob» moddasini «shartli xaridor"ga 70 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, shundan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shuningdek, fuqaro M.A. bojxonachilarga o‘z ixtiyori bilan 5 dona shisha ampuladagi 10 gramm bo‘lgan «qizil simob» moddasini topshirdi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.