«Yangiobod. Chotqol marvaridi» sayyohlik bazasi mulkdorlarining majmuaga egalik uchun kurashi davom etmoqda. Hokimiyat organlari uchastkani olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorning qonuniyligini qattiq turib ma’qullayotgan bo‘lsa, muassislar oxirigacha borish va sudda huquq tizimi faoliyatini sinab ko‘rishni maqsad qilgan.

8 yanvar kuni Toshkent viloyatidagi «Yangiobod» turistik bazasi egalaridan biri Behzod Yakubov Facebook`da majmuaning davlat foydasiga olib qo‘yilayotgani haqidagi postni e’lon qildi. Vaziyat to‘g‘risida «Novosti Uzbekistana» nashri ham maqola chop etdi.

2018 yilning yozidayoq Angren shahar hokimiyati vakillari, militsiya boshlig‘i va Milliy gvardiya xodimlaridan iborat delegatsiya turbaza rahbariyatiga hududni olib qo‘yish rejasi borligini ma’lum qiladi. Oktyabrda Angren hokimiyati «Marvarid» asoschisi Ali To‘xtayevdan ob’ektga egalik hujjatlarini taqdim etishni so‘raydi.

2019 yil 25 yanvarda Toshkent viloyati hokimi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 23 yanvardagi farmoyishiga asoslangan holda yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni imzolaydi.

«Mazkur hujjatni hech kim ko‘rmadi, — deya izoh berdi Ali To‘xtayev «Gazeta.uz"ga. — Hozir biz viloyat hokimiyati tayangan Vazirlar Mahkamasi farmoyishi matnini kutyapmiz.

28 yanvar kuni Angren prokurori va hokimi ishtirokidagi majlisda masala huquqiy maydonda hal etilishi ma’lum qilindi. Turbaza egalaridan o‘zlariga ma’qul bo‘lgan boshqa hududni tanlash va yetkazilgan zararlarni baholash so‘ralgan. Viloyat hokimiyatidan ham yer mulk egasining roziligi bilangina davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinishi mumkinligi ma’lum qilingan.

Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qaroriga muvofiq, yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror ekspertlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Angren hokimining turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Jasurbek Zayniddinov qanday sabablarga ko‘ra ekspertiza o‘tkazilmaganiga izoh bera olmadi. «Bu Toshkent viloyati hokimining qarori. Turbaza hududidagi rejalar va olib qo‘yish sabablari maxfiy ma’lumotlar hisoblanadi. Uchastkaning Milliy gvardiyaga berilishi haqidagi savolga o‘rin yo‘q».

Qarorning hudud sayyohlik salohiyatiga ta’sir ko‘rsatishi haqidagi savolga shahar ma’muriyati tadbirkorga yetkazilgan zararlar qoplanishi bilan javob berdi. «Biz yer egalariga tanlash uchun bir necha variantlarni taqdim etishimiz kerak. Yetkazilgan zarar o‘rnining qoplanishi hisobiga ular yanada zamonaviy majmua qura oladilar».

Bugungi kunda «Yangiobod» turbazasi yaqin-atrofdagi shaharlar aholisi qishki sport turlari bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan yagona tog‘-chang‘i kurorti hisoblanadi. «Bizning 2007 yilda asos solgan ishimiz — avloddan avlodga yetkazilishi kerak bo‘lgan hayot masalasidir, — deydi Ali To‘xtayev. — Biz odamlarga umid berdik, biz bazada farzandlarimizni tarbiyalayapmiz, sportchilarni voyaga yetkazyapmiz».

«Bu sport va turizmni rivojlantirish uchun qimmatli ob’ektdir, — deya izoh berdi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari Abdulaziz Oqqulov «Gazeta.uz"ga. — Biroq hududning davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilayotganini hisobga olishimiz lozim. U yerda 20 yil avval nimalar sodir bo‘lganini (qurollangan jangarilar bosqini — tahr.) barchamiz bilamiz. Bu strategik ob’ekt. Turbaza ma’muriyati ularning shartnomasida davlat ehtiyoji yuzaga kelgan taqdirda, yer uchastkasi olib qo‘yilishi haqidagi band borligini bilishadi».

Davlat turizm qo‘mitasi rahbari ob’ektni olib qo‘yish jarayoni ishga tushishida turbaza faoliyatini nazorat qiluvchi mahkamalar sabablarni tushuntirmagan va shartlarni oldindan maslahatlashmaganini qo‘shimcha qildi. «Davlat organlarining bu xatosi OAV tomonidan tutib olingan. Afsuski, biz «Marvarid"ni yo‘qotayapmiz, ammo bu strategik ob’ekt».

«Biz da’vo kiritish va sudlashishga tayyormiz, — dedi turbaza ta’sischisi. — Mamlakat huquqiy tizimiga faqatgina sud qarori haq bo‘lgan tomon foydasiga chiqarilganda ishonish mumkin. Agarda turbazani baribir olib qo‘yishsa, turizm va sportni rivojlantirish xohishimiz yo‘qoladi. Biz «hassani ikkinchi marta yo‘qotish"ni istamaymiz».

«Turizm ob’ekti sifatida Davlat turizm qo‘mitasining yordamiga umid bog‘lashni xohlaymiz. Janob Oqqulov bizning shartnomalarimizdan xabardor emas. Hujjatda bunday band talab qilinmaydi, chunki qonun bor, unga ko‘ra yer uchastkasi olib qo‘yilishi mumkin. Bizning holatda esa qonun buzilishiga yo‘l qo‘yildi», — deb hisoblaydi Behzod Yakubov.

Ali To‘xtayevning so‘zlariga ko‘ra, «kuzatuv olib borish uchun» turbaza hududida bo‘lib turgan Milliy gvardiya xodimlari u yerni fevralning boshida tark etdi. Yanvar oxirida Milliy gvardiya Kun.uz nashriga izoh berar ekan, mahkama vakillarining turbaza ekanini tasdiqladi: «Bu go‘yoki reyderlikday. Bunday bo‘lishi mumkin emas. Kuzatish maqsadida odamlar qo‘yilgan, lekin hech kim tashrif buyuruvchilarga to‘sqinlik qilgani yo‘q», — deydi u.

Ali To‘xtayev, o‘z navbatida, Milliy gvardiya vakillarining «Marvarid» hududida bo‘lib turishini asoslovchi hech qanday hujjatlar bo‘lmaganini ta’kidlaydi. Faqatgina viloyat hokimining olib qo‘yish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qarori bor xolos.

«1999 yilgi voqealardan so‘ng chegarachilar ikki yil davomida hududni egallab turishdi, biroq u vaqtinchalik chora edi. Turbaza atrofidagi Irtosh posyolkasi, Qorabolsoy darasi, Kuramin tizmasi va Chotqol tomonda harbiy qismlar joylashgan. Turbaza va eng yaqin chegara o‘rtasida bir necha aholi punktlari bor. Nima uchun otishmalar bo‘lib o‘tgan dachalarni hech kim strategik ob’ekt deb hisoblamaydi?» — deydi u.

«Quyi etakda Ohangaron-Angren turistik klasteri tashkil etilmoqda, u yerda ham strategik ob’ekt — suv ombori va GES bor. Milliy gvardiya ularni himoya qilish bilan shug‘ullanadi, — deya izoh berdi Milliy gvardiya vakili. — Bizga chegara qo‘shinlariga ko‘maklashish vazifasi yuklatilgan. Tarixni o‘rgansangiz, 1999 yilda ushbu hudud orqali terroristlar bostirib kirganini bilasiz. Birinchi navbatda bu — davlat xavfsizligiga oid masalasidir».

Yer uchastkasidan foydalanish rejalari haqidagi savolga javob berar ekan, Milliy gvardiya vakili turbazadan dam olish zonasi sifatida foydalanilmasligini qayd etdi: «Biz dam oladigan tashkilot emasmiz. Dramalashtirish kerak emas, hech kim atrofni tikanli sim to‘siqlar bilan o‘rab olmaydi. Hech kim u yerga artilleriya yoki o‘t ochish tizimlarini joylashtirishmoqchi emas. Bu yerda bizni bino emas, hududning strategik joylashuvi qiziqtiradi».

O‘z hayotini mazkur hududda turizmni rivojlantirishga bag‘ishlagan Ali To‘xtayev uchastkani baholashda harbiy tuzilmalar bilan bir qatorda turizm sohasidagi ekspertlar ham ishtirok etishi kerak deb hisobladi. «Turbazaga yevropalik investorlar mablag‘ kiritishga qiziqish bildirmoqda, ularning takliflarini qabul qila olmaymiz, chunki mahalliy aholi uchun turizm hayot darajasi bilan barobar o‘sishi lozim», — deydi u.

19 fevral kuni chang‘i sporti bo‘yicha 52-jahon chempionati boshlanadi. O‘zbekiston nomidan turbaza tarbiyalanuvchisi, Ali To‘xtayevning o‘g‘li ishtirok etadi. Ayni vaqtda «Marvarid"da mart oyida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatida ishtirok etuvchi terma jamoa mashg‘ulot o‘tamoqda. «Marvarid"ning olib qo‘yilishi sportchilarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Zero hududda istiqomat qiluvchi ko‘plab kishilar uchun chang‘i sporti bilan shug‘ullanish shunchaki hayot tarzi emas, balki O‘zbekiston obro‘sini dunyo arenalarida himoya qilishdan ham iboratdir.

Sabina Bakayeva, «Gazeta.uz»