«Xalq so‘zi» nashri Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida bir oilaning uyi majburan buzib tashlangani haqidagi tahliliy-tanqidiy maqolani e’lon qildi. Quyida mazkur maqolani to‘liq holda e’tiboringizga havola etamiz.

Qarshida yangi uylar qurilishi munosabati bilan «snos"ga tushgan eski uylar buzib tashlanmoqda. Unda yashayotgan oilalarga buziladigan uyining puli to‘lanib yoki xonadon sohiblari yangi uylarga ko‘chirilib, keyin buzish amaliyoti bajarilishi kerak, aslida. Harqalay, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, nomi quloqqa vahima bilan eshitiladigan «Qonun» atalmish qog‘ozlarda shunday yozilgan… Ammo faqat qog‘ozdagina shunday shekilli xolos bu gap.

Yo‘qsa, Qarshi shahridagi Qarliqxona mahallasida yashaydigan fuqaro G‘ayrat Qudratovning xonadonini buzishdan avval mutasaddilar do‘ppilarini boshdan olib, qilajak ishlarining oqibatini bir dam o‘ylab ko‘rmasmidilar?! Agar shunday bo‘lganida, hozir biz hikoya qilib bermoqchi bo‘lgan voqeada qonun hujjatlariga mutlaqo ters kelguvchi qarorlar chiqarilib, qishning sinoptiklar kuchli qahratonni va’da qilgan pallasi endi boshlanay deganda, eski uyni buzish bahonasida bir oila ko‘chaga quvilarmidi?!

Insonparvarlikning bunday «yangi usuli» esa, tabiiyki, uy egasining noroziligini keltirib chiqardi.

G‘. Qudratovning «Xalq so‘zi» tahririyatiga yo‘llagan shikoyat xatida uyni baholashdagi adolatsizliklar, quruvchi tomonidan uy arzonga baholanib, oilasini chiqarib yuborish uchun bosim o‘tkazilayotgani, hali puli to‘lanmagan uyi esa sud qarori asosida buzib tashlanayotgani, qishning ayni sovuq kunlarida oilasi, bolalari bilan gaz va elektr ta’minotidan ajratilib, buzilgan uyda tang ahvolda qolayotgani haqida bayon etilgan.


Ushbu ariza asosida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida haqiqatan ham uyi buzilayotgan oilaga nisbatan inson haq-huquqini poymol etadigan harakatlar sodir etilganligi, bu borada ijtimoiy adolat mezonlari buzilganligi ma’lum bo‘ldi.

Qarliqxona mahallasida o‘nlab eski uylar o‘rnida ko‘p qavatli yangi binolarning qurilishi munosabati bilan Mahmud Qoshg‘ariy ko‘chasidagi G‘ayrat Qudratovga tegishli bo‘lgan 33-uy ham buzilishga tushgan edi. Dastlab quruvchi — Qarshi shahridagi «Ixtisoslashtirilgan neftgaz ta’mirlash» MCHJ tomoni vakillari xonadon egasi G‘. Qudratovdan baholash qiymatidagi pulni olib, uyni bo‘shatib berishni so‘rashadi. Qizig‘i shundaki, uning uch xona va bir dahlizli yashash uyi, oshxona, ayvon, hammom, hojatxona, hovuzi bor, bog‘devor hamda darvozali 2 sotix maydonni egallagan turarjoyi Toshkentdagi «Estimate group» MCHJ tomonidan… 27 million 906 ming 772 so‘mga baholanadi. Tabiiyki, bunday arzon bahodan norozi bo‘lgan uy egasi turarjoyi bahosini Qarshi shahridagi «Kelajak kapital invest konsalting» MCHJga qaytadan hisoblatib, jami 100 million bo‘lishini aniqlaydi va shu summani talab qiladi. Afsuski, ushbu baholash hujjatlari quruvchi tomonidan qabul qilinmaydi hamda faqat birinchi baholash qiymatidagi pulni berishlarini aytishadi.

«Shu paytgacha ko‘p joyga murojaat qildim, — deydi G‘ayrat Qudratov. — Shahar hokimligiga, prokuraturaga, Prezident qabulxonasiga, Ombudsmanga, Oliy sudga… Lekin muammo hal bo‘lmayapti. Oliy suddan bir yarim oydan buyon javob kelmadi. Shahar hokimligi „Ertaga hal qilamiz,“ deganiga ham bir hafta bo‘ldi. Prokuraturaga 5 marta yozib berganman. „Bir oy ichida tekshirib, natijasini xabar qilamiz“, deyishgandi. Mana, uch oy o‘tayapti hamki, hali ishni varaqlab ham ko‘rishmagandir… „Ikki oydan buyon uy-joyimiz buzilgan, buzmanglar“, deb bir marta ikki og‘iz qattiqroq gapiruvdik, militsiya odamlari meni olib ketib qamab qo‘yishdi. Bolalarni mashinaga qamab turib, uyimizni majburan buzishdi. Hovlini tekislagunicha ikki soat militsiyaxonada yotdim».


«Nega qarshilik ko‘rsatyapsiz, bu ijroga berilgan, buzamiz, qishmi, yomg‘irmi bizni qiziqtirmaydi», deyishdi. «Pulini uyni buzgandan keyin beramiz», deyishdi, lekin uy buzilganidan keyin bir tiyin ham bergani yo‘q. Mana, sovuq zabtiga olgan bir paytda ham bir xonaga hammamiz tiqilib o‘tiribmiz. Yomg‘ir yog‘sa, tepasidan chakka emas, xuddi sharshara oqayotgandek…

«G‘ayrat Qudratov egaligidagi uyni o‘sha paytdagi bozor narxida 100 million so‘mga baholaganmiz, — deydi „Kelajak kapital invest konsalting“ MCHJ rahbari Feruz Uzoqov. — Biz eng past hisobda baholab berdik. Bu uyning haqiqiy bahosi shu kecha-kunduzda yuz milliondan anchagina oshadi».

«Uyimiz aslida uch, ammo kattagina koridori bilan 4 xonali edi, — deydi G‘ayrat Qudratovning turmush o‘rtog‘i Maqsuda Nazarova. — Noyabr oyida men mahalladan paxtaga chiqqanimda majburiy ijrodan odam kelib, hovli devorlarimizni kataklar bilan birga buzib tashlatibdi. „Baholatib kelinglar, kvartira puli bilan qo‘shib to‘laymiz“, deyishdi. Baholatgan edik, „Bu noto‘g‘ri“, deb, qabul qilishmadi. Hozir qish chillasida buzilgan uyimizning muzdek bir xonasida yashayapmiz, svet yo‘q, gaz yo‘q, qo‘shnilarnikida choy, ovqat qilamiz. Uy buziladigan bo‘lsa, boradigan joyimiz ham yo‘q».

Bularning boradigan joyi yo‘q. Ko‘pchilik bo‘lib kelishib, G‘ayrat qo‘shnimizni qo‘l qo‘yishga majburlayotgan ekan. «Avval pulini bersin», deb ko‘nmaganidan keyin militsiyaga olib ketishdi, bolalarini ushlab turishib, uyni buzishdi. Hatto xotinini ustiga devorni yiqitib yuborishdi. Tashqaridan ko‘rgan odamga bosqinchilikdek tuyularkan bu, — suhbatga qo‘shilishdi qo‘shnilar.

Eng achinarlisi, bu ishlarning boshida Qarshi shahar hokimligi, sud idorasida ishlaydigan, vazifasi qonunni buzish emas, uni himoya qilishi shart bo‘lgan «qonun posbonlari» turganiga nima deysiz?! Ya’ni Qarshi shahar hokimligi G‘. Qudratovning oilasini «uy-joydan majburiy tartibda chiqarish va uy-joyini buzish haqida» sudga da’vo arizasi kiritib, sudning hal qiluv qarori asosida oilani ko‘chaga haydagan. Bunga qarshilik qilgan uy egasi esa militsiya punktiga olib ketilgan. Bolalar uydan majburan chiqarilib, ko‘chada ushlab turilgan.

Ayni paytda esa bu oila buzilgan uyning hali butun turgan bir xonasida amal-taqal qilib yashashga majbur bo‘lmoqda… Ana sizga adolat, mana sizga inson huquqlari…

O‘ylasang, aqlingga sig‘maydi. Eng avvalo, fuqarolarning manfaatini himoya qilishi kerak bo‘lgan shahar hokimligining o‘zi o‘z fuqarosini sudga berib, uyning pulini kelishmasdan buzishga tushgan quruvchini himoya qilayotgan bo‘lsa, «Ey, baraka topkur, boradigan joyimiz yo‘q-ku axir», deb turgan oilani bola-chaqasi bilan ko‘chaga quvib chiqarib qo‘ysa, bu adolat atalmish tarozining qaysi pallasiga to‘g‘ri keladi. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida «Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar», 14-moddasida esa «Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi», deya yozib qo‘yilgan.


«Arizachining uyini baholashganda, chindan ham, nohaqlik bo‘lgan, — deydi Qarliqxona mahallasi raisi Zafar Saidov. — Men ularga tushuntirdim, „Prezidentimiz nima deyaptilar, hammasi adolatli bo‘lsin, fuqaro rozi bo‘lsin, xafa qilmanglar“, dedim. „O‘zingning shunday 4 xonali uying, hovlisi, hammomi, hovuzi bilan bo‘lsa, necha pulga chaqarding, bular necha yildan buyon yashaydi shu yerda, oilasi, bolalari bor, kadastr hujjatlari bor, gaz, svetdan qarzi yo‘q bo‘lsa“, deb gapirganimdan keyin quruvchi bir oz inosfga keldi shekilli, 60 million so‘m berishga rozi bo‘ldi».

Pudratchi tashkilot «Shu bilan qutulaman», degan uyda 28 million so‘mni sud qarori orqali majburiy ijroga o‘tkazib yuborgan. Uch oydan buyon shu gap. Har safar yig‘ilamiz. Uy egasi ko‘nmagandan keyin quruvchi «Mayli, o‘zing baholatib ber, to‘layman», deb va’da berdi. G‘ayratjon 100 million so‘mga baholatdi, lekin baholatish to‘lovini qilolmagani uchun hujjatni quruvchiga keltirib berolmagan. Natijada pudratchi tashkilot o‘zi 27 million so‘mga baholatib, ana o‘sha mablag‘ni ijroga o‘tkazgan. Biz, mahalla jamoatchiligi o‘rtaga tushib jami 80 million so‘m to‘lashga kelishtirdik. Bu orada uyning tomi, eshik romlarigacha buzib tashlashdi.

Uy egasining sud qarori ustidan norozi bo‘lib bergan arizasi apellyatsiya tartibida ko‘rilib, keyingi instansiya sudida rad etildi va hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirildi. Qizig‘i shundaki, bu sud jarayonida G‘. Qudratov qatnashmagan hamda chaqirilmagan ham. Qarorda ko‘rsatilgan 28 million 464 ming 908 so‘m mablag‘ 2018 yil 11 sentyabrda quruvchi tashkilot hisob raqamidan Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar bo‘limi tomonidan kesib olinishiga qaramasdan, shu paytga qadar uy egasining plastik kartasiga tushirib berilmagan.

Ajabo… Axir biz qaysi zamonda yashayapmiz o‘zi?! Ustiga-ustak, bu voqealar adolat mayog‘ini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ygan buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz yurtida yuz bersa-ya…