Xalq ta’limi vazirligi hamda YUNESKO tashkiloti O‘zbekiston maktablarida bullingni oldini olish qo‘shma loyihasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Pilar Alvarez-Lasoni qabul qildi. Uchrashuvda maktab o‘quvchilari orasida bullingni oldini olishga qaratilgan qo‘shma loyihani ishga tushirish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga YUNESKO tashkilotiga ushbu loyihani amalga oshirish uchun berayotgan ko‘magi uchun tashakkur bildirildi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq ta’lim vazirligi tomonidan 2018-yilning dekabr oyida Pilar Alvarez-Lasoga “Ta’lim homiysi” ko‘krak-nishoni topshirilgan edi.

“Bulling” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, “ta’qib va zo‘ravonlik” ma’nosini bildiradi. Bu tushuncha bolalarni qasddan va doimiy ravishda ta’qib qilishni anglatadi. Bullingning psixologik, jismoniy, ochiq yoki ko‘rinmas shakllari mavjud. Ko‘p hollarda bolalar maktabdagi nizolarni kattalardan berkitadi. Bunga bir necha omil, ya’ni o‘g‘il-qizlarning tahqirlanishi, qo‘rqitilishi, ayrim ishlarni amalga oshirishga majburlanganliklari, qolaversa, tahdid qilinishi sabab bo‘lishi mumkin. Hozirda bu hodisa butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham dolzarb masalalardan biriga aylangan.

Ushbu loyihaning olib borilishidan asosiy maqsad, O‘zbekistondagi umumta’lim maktablarida yuqorida keltirilgan muammolarni oldini olishdan iborat. Mazkur loyiha 2019−2020-yillarda amalga oshirilishi rejaga kiritildi. Loyiha doirasida maktab o‘qituvchilari va psixologlari uchun bulling sabablarini aniqlash va ularni oldini olish uchun takliflar ishlab chiqishga qaratilgan amaliy va nazariy tadbirlar, trening va seminarlar o‘tkaziladi.

Loyiha yakunida pedagoglar uchun “Ta’lim muassasalarida bullingni oldini olish” metodologiyasi ishlab chiqiladi. Mazkur metodologiya nizolarni samarali hal etish va bolalar o‘rtasida yetakchilik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi. Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro hamkorlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha qo‘yilgan dastlabki qadamlardan biridir.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, boshqa xalqaro tashkilot va donorlar ishtirokida inklyuziv ta’limni rivojlantirish hamda xalq ta’limi tizimining kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama etildi.

Ta’kidlash joizki, ayni damda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish uchun maxsus guruh tuzildi. Shuningdek, maktablarda zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha XTV dasturlari haqida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoniyatini beruvchi Telegram-bot (@xtvabbot) ishga tushirildi.