Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva temir yo‘l vokzali bilan «Ichan-qal’a» majmuasi o‘rtasida barpo etilayotgan xiyobonni ko‘zdan kechirdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Xiyobonning ikki tarafida ikki qavatli turizm ob’ektlari qurilgan. Ularning birinchi qavatida hunarmandchilik ustaxonalari, savdo va maishiy xizmat do‘konlari, ikkinchi qavatida oilaviy mehmonxonalar, restoranlar tashkil etilgan. Bu xiyobon va shoxobchalar sayyohlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish bilan birga odamlar uchun ish o‘rni, daromad manbai ham bo‘ladi.


Prezident shu yerda Xorazm viloyatining turizm salohiyatini rivojlantirish, Xiva shahrining tarixiy qismini batafsil rejalashtirishga oid loyihalar bilan tanishdi.

Ularda O‘zbekistonda xalqaro brenddagi mehmonxonalar bunyod etish, savdo va servisni kengaytirishga qaratilgan rejalar taqdim etildi.

Shavkat Mirziyoyev xorijlik ishbilarmonlar bilan suhbatlashib, ularning investitsiya takliflari bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

«O‘zi biznes nima degani? Manfaat degani. O‘zbekistonda turizm juda manfaatli, istiqbolli soha. Shuning uchun bu sohaga tadbirkorlarni, investorlarni ko‘proq jalb etib, ularga „yashil yo‘lak“ qilib berish kerak», — dedi davlat rahbari.

Xiva yaqinida ko‘p qavatli uylar qurib, shaharning tarixiy qismida yashayotgan aholini bosqichma-bosqich ko‘chirish, qal’a ichidagi uylarni sayyohlik ob’ektlariga aylantirish zarurligi ta’kidlandi.

«Biz chet ellik turistlarni qadimiy tariximiz va qadriyatlarimiz bilan jalb qilishimiz mumkin. Lekin Xorazmning, Xivaning tarixi to‘liq o‘rganilmagan, uni tanishtirish bo‘yicha tizim ham yo‘q. Shuning uchun Xorazm tarixini eng qadimgi davrdan boshlab yilma-yil o‘rganib, odamlarga sodda tilda tushuntirishni yo‘lga qo‘yish kerak. Muhim davrlar va voqealar, har bir xon hayoti bo‘yicha shou-rumlar tashkil etib, sayyohlarni qiziqtirish zarur. Xivaga kelgan odam katta taassurot, bilim olib ketsin, bu yerda ko‘proq qolib vaqtini mazmunli o‘tkazsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Xorazm Ma’mun akademiyasi, Turizm qo‘mitasi va boshqa tegishli tashkilotlarga shu bo‘yicha topshiriqlar berildi.