Prezident Shavkat Mirziyoyevning 10 avgustda Toshkent shahrining Shayhontoxur tumaniga tanishuv tashrifi natijalarini muhokama qilish maqsadida poytaxdagi Simpoziumlar saroyida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarga doir masalalar ko‘rib chiqildi va chuqur muhokama qilindi.

Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan bir qator tadbirkorlar tomonidan shu va boshqa sohada uchrab kelayotgan muammolar batafsil yoritilishi jarayonida prezidentga ba’zi muammolarni bartaraf etishda yordam so‘rab murojaat etildi. Yig‘ilishda davlat organlari xodimlari ishtirok etganliklari bois, bir qator masalalarga joyida oydinlik kiritildi, biroq vaqtning chegaralangani, qolgan muammolarning e’tiborsiz qolishiga sabab bo‘ldi.


13−14 avgustda mamlakat bosh vaziri Abdulla Aripovning tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash uchun takroriy yig‘ilish tashkillashtirildi. Yig‘ilishda davlat muassasalari rahbarlari va qator tashkilot vakillari, shuningdek Shayxontohur tumanida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi. Yig‘ilishda Genesis Innovation kompaniyasi ham qatnashdi.

Genesis Innovation — axborot texnologiyalari sohasida izchil faoliyat olib borish, bozor sharoitida raqobatbardoshlikni mustahkamlash, mamlakat obro‘-e’tiborini shakllantirish vazifasida izchil ishlarni amalga oshirish maqsadida bir qator innovatsion loyihalarni bajarib, tadbiq etib kelayotgan yosh kompaniyalardan biri. Xususan, IT-sohasida yangi xizmatlarni joriy etish, aholi uchun yanada qulayliklar yaratish, avtomatlashtirilgan dasturiy yechimlarni samarali tadbiq etish maqsadida kompaniya tomonidan Shayxontohur tumanida kredit mablag‘i hisobidan yaroqsiz holatdagi bino xarid qilingan edi. Loyihaning umumiy miqdori 55,5 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘zida rekonstruksiya qilish va uskunalar bilan jihozlash ishlarini qamrab oldi.


Binolarni rekonstruksiya qilish sohasida yetarlicha tajribaga ega bo‘lmagan kompaniya tomonidan zaruriy hujjatlar vaqtida qabul qilmagani sababli, tashkilot nomiga kadastr olish imkoni yo‘q edi. Uch oy davomida kompaniya tomonidan Shayxontohur tumani hokimligiga hamda Toshkent shahri Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasiga zaruriy hujjatlarni qabul qilib olishda bir necha marotaba amaliy yordam so‘ralgan edi. Biroq, ushbu murojaatlarga rad javobi berilib, zaruriy hujjatlarni qabul qilib olish uchun binoni rekonstruksiya qilinishidan oldingi holatiga, ya’ni boshlang‘ich holatiga qaytarish ta’kidlangan edi.

Shu vaqtgacha kompaniya tomonidan loyihani amalga oshirish uchun 10 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan edi. Shu sababli, xarid qilingan binoda rekonstruksiya qilish ishlariga ruxsat berilishi uchun zaruriy hujjatlar olinishi bilan bog‘liq vaziyatni hal etishda bosh vazir Abdulla Aripovdan amaliy yordam so‘rab murojaat etildi.

Abdulla Aripov tomonidan ushbu muammoni ijobiy hal etish vazifasi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi zimmasiga yuklatildi va shaxsan boshqarma boshlig‘i nazoratiga olindi.


Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan vaqtida ko‘rsatilgan amaliy yordam natijasida Shayxontohur tumani hududida joylashgan ushbu binoda rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettirishga tegishli zaruriy xujjatlar vaziyat inobatga olingan holda, Genesis Innovation kompaniyasiga taqdim etildi.

Amaliyotda ko‘rinib turibdiki, davlat xizmatlari sohasida olib borilayogan islohotlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratmoqda. Qayd etish joizki, Davlat xizmatlari agentligi o‘z faoliyati bilan xalqimiz va hukumat tomonidan bildirilgan ishonchni oqlamoqda.

Yaratilgan sharoitlar va arizalarning o‘z vaqtida qonun doirasida ko‘rib chiqilishini ta’minlash, har bir holat bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar qo‘llanilishi, xalqimizning hayotini hamda tadbirkorlarimizning faoliyatini ancha yengillashtiradi va O‘zbekistonning jahonning rivojlangan davlatlari qatorida turishiga ko‘maklashadi.

Reklama huquqi asosida.