Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti majburiy mehnatga qarshi kurashda huquq himoyachilari monitoringi natijalaridan foydalanadi. Mehnat vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bunday hamkorlik formatidan ilk bor foydalanilmoqda.

29 sentyabr kuni huquq posboni Arislanbay Otepov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani markaziy poliklinikasining hamshiralari dam olish kunlari majburiy paxta terimiga chiqarilgani haqida ma’lumot berdi.

Holatni tekshirish uchun 30 sentyabr Davlat mehnat sharoitlarini ekspertiza va muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i K.Odinayev xabar berilgan joyga yetib bordi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, tibbiyot xodimlarini paxta terimiga jalb qilish oldi olindi, mansabdor shaxslarga nisbatan buyruq chiqarildi.

30 sentyabr huquq posboni Yelena Urlayeva monitoring jarayonida Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani dalalaridagi paxta terimida tuman elektr tarmog‘ining 70 nafar xodimi, 9 va 14 yoshli ikki nafar voyaga yetmaganlar, yetti oylik homilador yosh ayol va qator tibbiyot xodimlari aniqlanganini ma’lum qildi.

Mazkur holatni tekshirish uchun ma’lum qilingan joyga Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari N.Yakubov hamda Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Sulaymonov jo‘nab ketdi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuman elektr tarmog‘i boshlig‘i Muxamedov Erkin Jahongirovich paxta terimiga tashkilot xodimlarini majburiy jalb qilishga yo‘l qo‘ygani uchun O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikka tortildi va eng kam oylik ish haqining 3 barobari miqdorida jarima solindi.

«Saidabror Sultonsaid» fermer xo‘jaligi rahbari Xasanov Saidabror Saidburxonovich voyaga yetmagan bolalarning paxta terimida qatnashishiga yo‘l qo‘ygani uchun MJKning 49-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikka tortildi va eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solindi. Tibbiyot xodimlarini paxta terimiga majburiy jalb qilish holati o‘z tasdig‘ini topmadi.

Suhbat davomida Dilorom Xolboyeva Oqqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasida hamshira bo‘lib ishlagani, biroq ayni paytda homiladorlik otpuskasida ekanligini aytib berdi. Paxta terimiga uni hech kim majburlamagan, qaynonasiga yordamlashish uchun o‘z ixtiyori bilan paxta terimiga chiqqan. Fuqaro D.Xolboyeva, shuningdek, qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga mehnat qonunchiligi, xususan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik tushuntirildi.

1 oktyabr huquq posboni O‘ktam Pardayev harbiy xizmatga chaqiruv yoshida bo‘lgan shaxslarning paxta terimiga majburan safarbar qilinganligi holati haqida Jizzaxdan xabar berdi. Jizzax viloyati bo‘yicha xizmat safarida bo‘lgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev mazkur holat yuzasidan huquq posboni bilan uchrashdi. Tekshiruv natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlari tushuntirilgan xat yuborildi.

Huquq posboni O‘.Pardayev va Jizzax viloyati bo‘yicha Bandlik bosh boshqarmasi xodimlaridan joylarda tushuntirish ishlarini olib boradigan va paxta terimiga majburiy jalb qilishga yo‘l qo‘yilmasligini kuzatadigan tashabbuskor guruh tuzildi.

Ayni paytda paxta terimiga majburiy jalb qilish haqida huquq posbonlaridan kelib tushgan xabarlarni o‘rganish davom etmoqda. Har bir holat yuzasidan mas’ul shaxslar tayinlangan.

10 sentyabrdan buyon Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi majburiy mehnatga jalb qilish bo‘yicha aholidan 819 ta murojaatni qabul qildi. Ulardan 77 tasi bo‘yicha mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston hududida majburiy mehnat qonunga zid ekanligini eslatib o‘tdi. Har bir paxta terimiga jalb qilish holati bo‘yicha +99871 200−06−01 raqami orqali ishonch tarmog‘iga murojaat qilish yoki @mehnathuquqbot Telegram-botida xabar qoldirish mumkin.